Sayt test rejimida ishlamoqda

XALQ TAʼLIMI VAZIRI: “MEHRIBONLIK UYIDAGI BOLANI YAXSHI QOʻLGA BERISHGA MAJBURMIZ”

7-dekabr 2021-yil
image

Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov bugungi kunni Toshkent shahridagi 21-sonli Mehribonlik uyida bolalarga yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirishdan boshladi.

U yerda bolalarning yashashi uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, muassasa rahbariyati bilan suhbat chogʻida bolalarni oilalarga berish boʻyicha ishlarni jadallashtirish xususida toʻxtalib oʻtdi.

Mehribonlik uyi rahbariyati tarbiyalanuvchilarni oilalarga joylashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammo va ularning oldini olish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

Vazir bolalarni asrab olishni istayotgan oilalarga imkon yaratish, Mehribonlik uyidagi bolani yaxshi insonlar qoʻliga berish va bunga imkon boricha harakat qilish kerakligini alohida taʼkidladi.

photo2021-12-0718-32-59-2.jpg

"Bu masala ustida toʻgʻri yondashuv bilan ishlashimiz kerak. Bolalarga oilani inson hayoti uchun muhimligini tushuntirishimiz zarur. Kerak boʻlsa bu yoʻnalishda bolalar bilan ishlash uchun psixologlarni jalb qilish lozim. Toʻgʻri, bolalar bu yerda bir necha yildan beri yashayapti va ular bu yerdagi sharoitga oʻrgangan. Lekin ular ongiga oila qadriyatini ham singdirishimiz darkor. Shu sababli bolalarni imkon boricha oila bagʻrida boʻlishiga imkon yaratib, ana shu narsalarni bola ongiga toʻgʻri yetkazishimiz kerak”, — dedi vazir.

Shuningdek, Baxtiyor Saidov Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining ijtimoiy moslashuvi va kasb-hunarni muvaffaqiyatli tanlashi, ularda ijtimoiy va hayotiy koʻnikmalarni hosil qilish maqsadida tashkil etilgan “Uy-roʻzgʻor akademiyasi” oʻquv kurslari bilan tanishar ekan, ushbu oʻquv kurslarni bitirgan bolalarga sertifikat berish masalasini ilgari surdi.

photo2021-12-0718-02-10.jpg

Vazirning keyingi manzili Yunusobod tumanidagi 23-sonli Mehribonlik uyi boʻldi. Bu yerda vazir Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari Sarvar Mamayusupov bilan bolalarning Mehribonlik uyidagi hayot tarzi xususida fikr almashdi. Suhbat chogʻida ushbu muassasadagi tarbiyasi ogʻir boʻlgan bolalarni toʻgʻri yoʻlga boshlash masalalari koʻrib chiqildi. Xususan, vazir tomonidan bolalarni qurolli kuchlar safiga bosqichma-bosqich biriktirish taklifi berildi.

Vazir Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan suhbatda ularning qiziqishlari, kelgusida egallamoqchi boʻlgan kasblari haqida soʻradi va ularga oʻzining zarur tavsiyalarini berdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu