Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangilanayotgan Konstitutsiyada aks etgan ijtimoiy davlatning muhim jihatlari muhokama etildi

31-mart 2023-yil
image

Bugun Buxoro shahrida joylashgan Sahid Zarafshon mehmonxonasida “Konstitutsion islohot ustuvorliklari: O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” mavzusidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ijtimoiy davlatning o‘zbek modeli, uning shakllanishi va rivojlanish xususiyatlari muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirda qator vazirlik va idoralar, BMT bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”dir. Mamlakatimiz tarixida birinchi marta O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanadi.

So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar munosabati bilan ijtimoiy vazifalarni hal etishga ko‘proq mablag‘ ajratilmoqda. Xususan, 2018-yilda mamlakatning ijtimoiy siyosatga sarflangan xarajatlari 35 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 105,5 trln. so‘mdan ziyodga yetdi.

Tadbirda ishtirok etgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev o‘z nutqida oxirgi besh yil davomida yurtimizda 232 ta yangi maktab binolari qurilganligi, 4 534 ta maktab qayta rekonstruksiya qilinganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Xususiy sektor hisobiga nodavlat umumta’lim tashkilotlari soni 300 taga yetkazilib, mavjud ko‘rsatkich 5 baravarga oshirildi.

Aytilganidek, o‘tgan vaqt ichida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27,7 foizdan 72 foizga, MTTlar soni 5 mingdan 29 mingga yetkazildi. Eng asosiysi, 2030-yilga qadar maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 80,8 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Sohadagi yana bir muhim yangilik sifatida, 2023-yil 1-apreldan boshlab yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida tashkil etishga ruxsat etilganligi, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurish uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yilishiga oid cheklovlar bekor qilinganligi qayd etib o‘tildi.

Tadbir davomida maktabgacha va maktab ta’limi tizimini isloh qilish va rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslari, Konstitutsiyada o‘qituvchi maqomini mustahkamlash, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlar va ijtimoiy sohada davlatimiz oldida turgan uzoq muddatli vazifalar qizg‘in muhokama qilindi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu