Sayt test rejimida ishlamoqda

BA’ZI OTA-ONALARNING O‘Z FARZANDLARI TARBIYASIDAGI O‘RNI KUNDAN KUN KAMAYIB BORAYOTGANDEK — HILOLA UMAROVA

13-mart 2023-yil
image

BA’ZI OTA-ONALARNING O‘Z FARZANDLARI TARBIYASIDAGI O‘RNI KUNDAN KUN KAMAYIB BORAYOTGANDEK — HILOLA UMAROVA

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilinayotgan maktab o‘qituvchisi va o‘quvchi o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyat yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilinayotgan maktab o‘qituvchisi va o‘quvchi o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyat hamda uning oqibatlari shu soha rahbari sifatida meni chuqur o‘yga soldi.

Xavotirim shuki, biz bugun farzandlarimizning nafaqat bilim olishi, balki tarbiyasini ham butunlay maktabga yuklab qo‘yganmiz. Ba’zi ota-onalarning o‘z farzandlari tarbiyasi va xulqi yuksalishidagi o‘rni kundan kun kamayib borayotgandek.

Taniqli jadid olimi Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” degan chaqirig‘i bilan bizni tarbiya masalalariga katta e’tibor berishimiz zarurligidan o‘sha davrdayoq ogoh etgan.

Bugungi zamonaviy dunyoda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatlar erkin olib borilishi ularning o‘zaro majburiyat va mas’uliyatlaridan ozod qilmasligi zarur. O‘qituvchi bilim berish asnosida o‘z shogirdlariga do‘st, o‘quvchilar ham ustoziga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari lozim. Buyuk mutafakkir Imom Gʻazzoliy “Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi” deya ushbu nozik jarayonning ahamiyatini ochib bergan.

O‘qituvchilarimiz ham unutmasliklari kerakki, ular o‘zi ta’lim berayotgan o‘quvchilarning dunyoqarashi va shaxsiyati shakllanishidagi eng katta ta’sir ko‘rsatuvchi insonlardir. Ustozning har bir so‘zi, har bir harakati shogirdning xotirasida muhrlanadi va uning kelajak yo‘lini yoritishda xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish borasidagi katta tashabbuslar ortida ham o‘qituvchiga bo‘lgan katta e’zoz mujassamdir. Ayni vaqtda loyihasi tayyorlanayotgan “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonunda ham o‘qituvchi huquqini himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini yanada oshirish kabi muhim hayotiy zaruratlar belgilanmoqda. 

Maqsad katta va ezgu. Ustozlarimiz ham davlatimizning ushbu e’tiborini yurakdan his qilgan holda, o‘quvchilarga nafaqat bilim berish, balki ularning yuksak tarbiyali va go‘zal xulqli insonlar bo‘lib yetishishlarida g‘amxo‘rlik qilishlari maqsadga muvofiqdir. Bunda shaxsiy namuna eng ta’sirchan choralardan biridir.

Hurmatli ota-onalarimiz ham farzandlarining ma’naviy yetuk bo‘lib kamol topishlarida o‘z burchlarini unutmasliklarini, ko‘z qorachig‘imizdek asrab kelayotgan bolalarimiz kelajagi uchun o‘qituvchilar bilan doimiy hamkorlik qilib borishlarini istaymiz.

Zero, bolaga bugun berilgan bir hikmat yoki tarbiya ertaga kelajak binosiga ming g‘isht bo‘lib qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning ko‘rsatmasiga asosan Toshkent shahridagi 152-maktabda yuzaga kelgan holat hamda maktabdagi ta’lim va tarbiya jarayonlarini o‘rganib chiqish bo‘yicha vazirlik Ishchi guruhi tuzilgan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu