Sayt test rejimida ishlamoqda

Yakkasaroylik bolajonlar uchun yana bir ajoyib ta'lim maskani ish boshladi

21-fevral 2023-yil
image

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi “Qushbegi” dahasida istiqomat qiluvchi maktab yoshigacha bo‘lgan bolajonlarning quvonchi cheksiz. Ayniqsa hududda yangidan ish boshlagan 358-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining shodligi bir olam. Sababi endi ular mehribon tarbiyachi opalaridan barcha sharoitlarga ega, shinam va chiroyli xonalarda saboq olishadi, turli to‘garaklardagi mashg‘ulotlarda doimiy qatnashadi.

Bugun o‘tkazilgan mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti yangi binosining ochilish marosimi katta xursandchiliklarga boy bo‘ldi. Tadbirda mutasaddilar tomonidan yangi ta’lim dargohi va unda yaratilgan sharoitlar xususida atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.

358-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi 720 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 24 ta guruh tashkil etilgan.

2022-yilgi Investetsiya dasturi mablag‘lari hisobidan ta’mirlangan maktabgacha ta’lim tashkilotining barcha xonalari ekologik toza va qulay mebel jihozlari bilan ta’minlangan.

Bu yerda bolajonlarning yengil atletika, kurash va boshqa sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ahamiyatlisi, tarbiyalanuvchilar alohida tashkil etilgan 280 o‘rinli oshxona binosida belgilangan jadval asosida ovqatlanishadi.

Muassasa tarbiyalanuvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida ularga mental arifmetika, bir necha xorijiy til va maktabga tayyorlov bo‘yicha zarur saboqlar berib boriladi. Shu bilan birga rasm chizish, musiqa, rabottexnika mashg‘ulotlari, kutubxonada o‘tkaziladigan mutolaa soatlari ham bolalarning aqliy yuksalishida katta turtki beradi.

Maktabgacha ta’lim tashkiloti hovlisida tarbiyalanuvchilarning sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlari uchun maxsus yashil hudud, yozgi o‘yin maydoni, suv havzasi va mini futbol stadioni bunyod etilgan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu