Sayt test rejimida ishlamoqda

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Jondor tumanidagi MTT pedagoglarining malakasini oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi

17-fevral 2023-yil
image

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Agrippina Shin Buxoro viloyatidagi qator ta’lim muassasalarida bo‘ldi va maktabgacha ta’lim yo‘nalishida hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishdi.

Xususan, viloyatning Jondor tumanidagi joylashgan, Maktabgacha ta’limi agentligi tasarrufidagi Pedagogika kollejida tahsil olayotgan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Kollej rahbariyati va pedagoglari bilan uchrashuv davomida talabalarning qo‘l mehnatidan foydalangan holda yosh bolalar uchun didaktik materiallar tayyorlash va ushbu mahsulotlarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga taqdim etishiga doir zarur ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, muassasada turli to‘garaklar tashkil etgan holda hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mehnat qilayotgan pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha mas’ullarga muhim tavsiyalar berib o‘tdi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari ishtirokida tumandagi 17-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ham muassasadagi qator jarayonlar tahlil etildi.

Ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti 2022-yilda 2.5 mlrd so‘mlik Investitsiya dasturi mablag‘lari hisobidan mukammal ta’mirlandi.

O‘rganishlar davomida ushbu ta’mirlash ishlarida yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolar tilga olindi hamda ularni tez fursatda bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning aqliy bilimlarini oshirish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida tarbiyachi-pedagoglar oldida turgan vazifalar tilga olindi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining jamiyat rivoji va yoshlar ongini rivojlantirishdagi o‘rni alohida qayd etib o‘tildi.

Ma’lumot uchun: hozirda Jondor tumanida 164 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib bormoqda. 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 14 433 nafar bo‘lib, ularning 10 103 nafari maktabgacha ta’lim bilan to‘la qamrab olingan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu