Sayt test rejimida ishlamoqda

Bobur hayotida farzand tarbiyasi

14-fevral 2023-yil
image

Zahiriddin Muhammad Bobur yurtimiz va dunyo madaniyati tarixida ulkan iz qoldirgan yirik mutafakkirlardan biridir.

Buyuk Amir Temur sulolasining davomchilaridan biri bo‘lgan Bobur oilaviy an’analardan kelib chiqib farzand tarbiyasi va ularning yuksak bilimli insonlar bo‘lib kamol topishiga katta e’tibor bergan.

Uning shoh asari “Boburnoma”da Bobur o‘z farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga doimo katta e’tibor bergan, saltanat ishlari va ijoddan bo‘sh vaqtlarida ularning ta’lim olishi, xulqi va tarbiyasini munatazam nazorat qilgan.

Bobur farzandlariga muhabbati kuchliligidan ular uchun alohida asarlar yaratgan, dunyoviy va diniy ilm, davlat ishlari va ijod haqida bolalari bilan maktublar yozishishgan. Xususan, farzandlari uchun kitob yozishni otalik va podshohlik burchi deb hisoblagan Bobur 1522-yilda o‘g‘li Humoyunga atab “Mubayyin” asarini yozadi.

O‘g‘li Komronga yozgan maktubida farzandining iqboli yo‘lida muhim fikrlarni bildira turib, “...umidim borkim, jami’i qobiliyat va salohiyat bobida komil va mukammal bo‘lub kamolg‘a yetgaysen”, deya uning kelajagiga katta ishonch bildiradi.

Bobur o‘g‘li Humoyunga yozgan maktubida farzandiga shunday tanbeh beradi: “Yana men degandek bu xatlaringni bitibsen va o‘qumaysen, ne uchunkim, agar o‘qur xayol qilsang edi, o‘qiy olmas eding. O‘qiy olmagandin so‘ng albatta tag‘ir berur eding. Xatingni xud tashvish bila o‘qisa bo‘ladur, vale asru mug‘laqtur…”

Anglanadiki, Bobur farzandlarining nafaqat ilmli va komil shaxs bo‘lishini, balki xatlarini imlo xatolarisiz, sodda va ravon tilda yozishga undagan.

Katta iste’dod va mukammal shaxs, mehribon ota va murabbiy qo‘l ostida kamolga yetgan farzandlar vaqt o‘tib yirik olim va ijodkorlar bo‘lib yetishishdi. Xususan, Boburning to‘rt o‘g‘li — Humoyun, Komron, Askariy, Hindol va qizi — Gulbadanbegim atoqli shoir, adib va olimlar sifatida ilmu san’at rivojiga katta hissa qo‘shib keldilar.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu