Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘QUVCHILARGA IKKITA XORIJIY TIL VA HUNAR O‘RGATAYOTGAN MAKTAB 

2-fevral 2023-yil
image

Buxoro shahridagi 42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘quvchilarga ikkita xorijiy – ingliz va koreys tilining o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan. 

Ayni paytda mazkur muassasada 12 nafar ingliz tili, 4 nafar koreys tili fani o‘qituvchisi faoliyat olib bormoqda. Ular o‘ziga xos mahorat va tajribaga ega pedagoglardir. 

Maktab o‘quvchilari 3-sinfdan boshlab 2 ta xorijiy tilni o‘rgana boshlashadi. Bugungi kunda har 2 tilda ham erkin so‘zlasha oladigan o‘quvchilar safi tobora ortib bormoqda. Ularning 30 nafarga yaqini til bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishgan.  

— 7 yoshimdan dasturlash yo‘nalishiga qiziqaman. Ayni paytda bu boradagi bilimlarimni boyitishga intilyapman. Kelajakda IT sohasida kuchli mutaxassis bo‘lib, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilganman. Buning uchun xorijiy tillarni bilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham ingliz va koreys tillarini chuqur o‘zlashtirishga harakat qilyapman. Maktabimizda bu borada keng imkoniyatlar yaratilgan, — deydi maktabning 10-sinf o‘quvchisi Ahmadullo Subhonov. — Koreys tili yo‘nalishida har yili fan olimpiadalarining shahar va tuman bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelaman. 2021-yilda Koreya davlati tomonidan tashkil etilgan xalqaro yoshlar konferensiyasida faol ishtirok etib, maxsus sertifikatni qo‘lga kiritdim. Shu yili koreys tilini bilish darajasini belgilovchi xalqaro imtihonda ham ishtirok etib, sertifikatga ega bo‘ldim. 

2020-yildan koreys tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi maqomini olgan ushbu maktab Koreya ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. O‘qituvchi va o‘quvchilar xalqaro konferensiyalarda ishtirok eta boshlashdi. 

2020-2021-yilda maktabning 12 nafar o‘quvchisi va 5 nafar o‘qituvchisi Koreya ta'lim vaziri tomonidan imzolangan sertifikat, iqtidorli o‘quvchilardan bir nafari faol ishtiroki uchun medal bilan taqdirlandi.  

2020-yilda maktab bitiruvchisi Jamshid Durboyev elchixona orqali 110 ming dollarlik GKS grantini qo‘lga kiritib, hozirda Koreyada tahsil olmoqda. Yana bir bitiruvchi Madina Gʻaybullayeva esa mazkur grant asosida magistraturada o‘qishni boshladi. 

Qisqa muddat ichida erishilgan yutuqlari natijasida 42-IDUM Koreya respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Koreya Respublikasi Ta'lim markazi tomonidan "Koreys tilini o‘qitish bo‘yicha namunaviy maktab" deb topildi.  

2022-yilda mazkur maktab Koreyaning Sunchon milliy Universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzoladi va ushbu memorandum doirasida bir necha loyihalarni amalga oshirdi. 

Yaqinda maktabning bir guruh o‘quvchi va o‘qituvchilari Sunchon milliy Universitetining “Koreyashunoslik” loyihasida ishtirok etib qaytishdi. 

Aytish joizki, ta’lim muassasasida o‘quvchilarga 2 ta xorijiy tilni o‘qitish barobarida ularga kasb-hunar o‘rgatish ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. 

— Bu borada bizga “Buxoro zardo‘zlik markazi” yaqindan yordam bermoqda, — deydi maktab direktori Halima Nurillayeva. – Markaz maktabimiz yaqinida joylashgan bo‘lib, zardo‘zlik, kashtachilik va rassomlik san’atiga qiziquvchi o‘quvchilarimiz darsdan so‘ng shu yerda hunar o‘rganishmoqda. Endilikda biz texnologiya darslarini ham mazkur markazda amaliyot bilan uyg‘unlikda olib borishni rejalashtirganmiz.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu