Sayt test rejimida ishlamoqda

IMKONIYATI CHЕKLANGAN INSONLAR UCHUN CHЕKSIZ IMKONIYATLAR YARATISH ULAR YASHAB TURGAN JAMIYATNING BURCHI SANALADI. USTOZLARI YORDAMIDA MUVAFFAQIYATLARGA ERISHAYOTGAN O‘QUVCHILAR

2-dekabr 2022-yil
image

Xorijiy psixologlarining ta’kidlashicha, nogironligi bo‘lgan insonlar aksariyat hollarda o‘zlarini jamiyatga keraksiz, deb his qilishar ekan. Ularning ruhiy olami ayrim hollarda bir muncha zaif ekanligi tadqiqotlarda ta’kidlab o‘tilgan. Xuddi shunday holatlarni alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalarda ham ko‘p bora kuzatiladi. Bu holatda tajribali va mahoratli, eng asosiysi, o‘quvchilarga nisbatan qalbida mehri limmo-lim bo‘lgan o‘qituvchilar murakkab vaziyatni yengillashtirishga qodirligi bilan tahsinga sazovor bo‘ladi.

Ayni vaqtda Navoiy viloyati alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan "Nurli maskan" maktab-internatida 150 ga yaqin o‘quvchilar tahsil olmoqda. O‘quvchilarning aksariyati maktab-internatning o‘zida o‘qish bilan bir qatorda yotoqxonada qolib tarbiyalanadi. Demakki, ularga ota-onalari, yaqin qarindoshlari, o‘zlari tug‘ilib o‘sgan uylaridan uzoqdaligini bildirmaslik xalq ta’limi sohasida faoliyat yuritayotgan har bir pedagog xodimning muqaddas burchi sanaladi.

-Ta’lim maskanimizdagi har bir o‘quvchi pedagoglarimizning e’tibor markazida, - deydi Navoiy viloyati alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan "Nurli maskan" maktab-internatining Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Mirsaid Jalilov. - Chunki ular bilan ishlash jarayonida bir oila, aka ukaday bo‘lib ketishadi. Hattoki yoshi ulug‘roq o‘qituvchi va tarbiyachilar o‘quvchilarni o‘z farzandlaridek ko‘rib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashadi. Samimiy muloqot orqali ularni qiynaydigan, hech kimga aytolmaydigan muammo va muddaolarini tinglash orqali ham ruhiy, ham ma’naviy jihatdan madad va ko‘mak berishadi. O‘g‘il-qizlarni bilim olishi, sog‘lom tengdoshlari singari voyaga yetishi va eng muhimi kelajakda o‘zlarini vatanga va jamiyatga kerakli ekanliklarini his qilishi uchun astoydil ko‘maklashadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni oliy ta’limga qamrovi bir necha karraga ko‘payganligi va ularni ish bilan bandlik darajasida ham sezilarli ishlar qilinayotganligi hech kimga sir emas. Birgina 2016-2022 yillarda mazkur maktab-internatni tugatgan bitiruvchilarning 85% dan ziyodi institut va universitetlarda tahsil olib, oliy ta’lim sohasida ham faoliyatini davom ettirayotgani quvonarli holdir. Ularning bir nechtasi ilmiy faoliyatini oshirib, xalqaro va Respublika miqyosidagi konferensiya, ilmiy anjuman va seminarlarda doimiy ravishda faol ishtirok etib, PhD darajasini (falsafa doktori) olish harakatida dissertatsiya himoyalariga tayyorgarlik ko‘rayotganligi katta yutuqlarimizdandir.

Farg‘ona shahridagi 30-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Alisher Kamoljonovning tashxisi bolalar serebral falajligi. Ustozi Nozima Mamatovaning aytishicha, Alisher uy ta’limida saboq oladi. Mahoratli o‘qituvchi bola qalbiga yo‘l topib, Alisherga darslarni qiziqarli o‘tishga harakat qiladi. Shu boisdan ham Alisher barcha fanlardan yaxshi baholarga o‘qiydi. Darsdan tashqari ham tirishqoq o‘quvchi kompyuter o‘rganishga harakat qiladi. Uning orzulari juda ko‘p, u kelajakda sport sharhlovchisi bo‘lmoqchi.

- Har doim Alisherning xonadoniga borganimda ota-onasi tomonidan unga juda yaxshi sharoitlar yaratilib berilganining guvohi bo‘laman, - deydi Farg‘ona shahridagi 30-maktabning tarix fani o‘qituvchisi Nozima Mamatova. - Alisher uchun alohida dars xonasi, parta, doska — hamma sharoit mavjud. Alisherning sportga qiziqishi juda katta, ayniqsa, futbolni juda sevadi. Sinfdoshlari ham Alisherni yaxshi ko‘rishadi, har doim xabar olishadi. O‘zini boshqa tengdoshlaridan kam bo‘lmasligi uchun u doim o‘z ustida ishlaydi, o‘qiydi, izlanadi. Bularning barchasiga sinf rahbari sifatida ko‘maklashaman, bolani doimiy ruhan qo‘llab-quvvatlayman!

Nogironligi bo‘lgan shaxslarninng nogironlik turlariga qarab ijtimoiy hayotning ayrim jabhalarida imkoniyati cheklanganligi tabiiy hol. Bunday insonlarning imkoniyatlari cheksizligini ta’minlash ular yashab turgan jamiyatning, ular atrofidagi insonlarning muqaddas burchi hisoblanadi. Nogiron insonlar, bolalar bilan ishlash, ularni tushunish , his qilish uchun ularning atrofdagilari, bu soha vakillaridan samimiy mehr, e’tibor talab etadi. Qayerda ularga nisbatan samimiy munosabat, mehr, xayrixohlik, ishonch mavjud bo‘lsa u yerda inson irodasi matonati nimalarga qodirligi namoyon bo‘ladi.

Buxoro shahridagi 24-sonli “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ayni paytda 6 dan 18 yoshgacha bo‘lgan 279 nafar o‘quvchi bo‘lib, bu o‘quvchilarga 61 nafar o‘qituvchi, 55 nafar tarbiyachi ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ta’lim muasssasida o‘quvchilarning jismoniy holatidan kelib chiqqan holda ularni sog‘lom, ma’nan yetuk inson qilib tarbiyalashga hamda dunyoqarashini, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida ta’limiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, 2021-2022-o‘quv yilidan bitirgan 40 nafar o‘quvchidan 17 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. 11-sinf bitiruvchisi Sabina Nuritdinova 4-bosqich respublika fan olimpiadasida matematika fanidan 3- o‘rinni egalladi. Joriy yilning 11-17-may kunlari Namangan viloyati, Kosonsoy shahrida shashkaning 64 katakli sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida o‘quvchilar ishtirok etib 4 nafari 1-o‘rin, 2 nafari 3-o‘rinni egalladi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan kitobxonlik, sport musobaqalarida umumiy jamoa hisobidan 3-o‘rinni, Javohir Jamolov shashka sport turi bo‘yicha 1-o‘rin, Ozod Xudoybediyev yengil atletika bo‘yicha 2-o‘rin, Mizrob Barotov Dzyudo sport turi bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi.

Muvaffaqiyatga erishayotgan bu kabi o‘quvchilarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Ular erishayotgan yutuqlarda, albatta, ustozlarining mehnatlari mujassam.

Xulosa qilib aytganda bugun Yevropa psixologlarining tadqiqotlarini O‘zbekiston sharoitida bartaraf etish yo‘lida hattoki davlat siyosati darajasida amaliy ishlar qilinayotganligi, har tomonlama puxta o‘ylangan oqil dasturlar, qaror va farmonlar qabul qilinib, ijrosi ta’minlanayotganligi juda katta samara berayotganligi kuzatilmoqda. Bu boradagi ishlarni bundan keyin ham jadallashtirish lozimligi davlatimiz rahbarining eng ustuvor rejalari qatorida ekanligi hammani quvontirmoqda.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu