Sayt test rejimida ishlamoqda

Xalq ta’limi vaziri Navoiy shahar maktablarida bo‘ldi

24-noyabr 2022-yil
image

Bugun Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov Navoiy shahridagi bir nechta umumta’lim maktablarida bo‘ldi. Mazkur jarayonda maktablarning infratuzilmasi, kuz-qish mavsumiga tayyorligi, o‘quvchilarning bilim darajasi, o‘qituvchilarni qiziqtirayotgan masalalar, bitiruvchilarning kasbiy qiziqishlari, ularni ijtimoiy hayotga tayyorlash ishlarining tashkil etilishi va boshqa qator muhim, dolzarb hamda ustuvor jihatlarni o‘rgandi.

Dastlabki manzil shahardagi 15-maktab bo‘ldi. Ayni paytda muassasada 1100 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Baxtiyor Saidov 11-”A” sinf o‘quvchilari bilan fanlar kesimidagi qiziqishlar, kasbiy diagnostika, oliy ta’limga tayyorgarlik xususida suhbatlashib, o‘quvchilar bilimini ham sinovdan o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida faolligi va bilimdonligi bilan ajralib turgan o‘quvchilar E’zoza Pardayeva, Zebo Norbekova zamonaviy noutbuk bilan taqdirlandi.

Keyingi manzil Navoiy shahar “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yangidan barpo etilayotgan 990 o‘rinli maktab bo‘ldi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi buyurtmasi asosida bosh pudratchi “Jozibali Qurilish Montaj” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan keng ko‘lami qurilish ishlari olib borilmoqda. Vazir qurilishning standartlarga muvofiqligi, o‘quvchilar qatnovi prognozi hamda zarur qurilish-texnik jihatlar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Shundan so‘ng Baxtiyor Saidov 70 foiz o‘qituvchilari oliy toifaga ega bo‘lgan 16-alohida fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashgan umumta’lim maktabiga bordi. 3100 nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim oladigan mazkur maktab reytingda yuqori pog‘onalarda turishi bilan farqlanadi. Vazir tomonidan 7-sinfning iqtidorli o‘quvchilari Xondamir Zokirov va Bahora Abduhakimovaga noutbuk taqdim etildi.

Xalq ta’limi vaziri va o‘qituvchilar o‘rtasidagi suhbat ham xalq ta’limidagi eng asosiy nuqta: sifat va mazmun haqida, xususan, xalqaro tajriba, xalq pedagogikasidan foydalanish, jahon arenalariga chiqish zarurati xususida bo‘ldi.

Baxtiyor Saidov maktab bog‘iga ko‘chat o‘tqazib, “Yashil makon” umummilliy aksiyasiga hissa qo‘shdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu