Sayt test rejimida ishlamoqda

Maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bo‘yicha kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan mas’ullar ogohlantirildi

23-noyabr 2022-yil
image

Bugun Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov rahbarligida hududiy xalq ta’limi boshqarma va bo‘limlar, ekspluatatsiya xizmati mas’ullari ishtirokida maktablarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida kuzatilayotgan muammo va kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilish avvalida vazir Baxtiyor Saidov tomonidan xalq ta’limi muassasalarini 2022-2023-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari joylarda talab darajasida olib borilmayotganligini tanqid qilib o‘tdi.

Xususan, xalq ta’limi tizimida 10 mingdan ortiq maktablar mavjud bo‘lib, ularning moddiy-texnik holati va infratuzilmasi o‘sha yerdagi mahalliy hokimlik rahbarlari tomonidan muvofiqlashtirilishi lozimligi, tizim rahbarlari esa hokimliklar bilan muammolarni hal etish masalalarini tezkorlik bilan amalga oshirishi zarurligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda Respublika Ishchi guruhlar tomonidan joylardagi ijtimoiy obyektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ko‘zdan kechirilib, qator kamchiliklar aniqlanayotganligi tilga olindi.

Xususan, respublika Ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi “Oybek” mahalla hududida joylashgan 58-son maktab va uning filiallariga 20 tonna yaroqsiz ko‘mir yetkazib berilganligi, isitish qozoni umuman yaroqsiz holatda ekanligi, maktab ota-onalar tomonidan olib kelinadigan o‘tin yordamida, “burjuyka” pechkalarda isitib kelinayotganligi tanqid qilindi.

Viloyatning Qamashi tumanidagi 85-maktab filiali ahvoli ham o‘ta achinarli va ta’mirtalab holatda ekanligi, isitish tizimi yo‘qligi, Namangan viloyati Uychi tumanidagi 4-son maktab qozonxonasidagi taqsimlash qutisida nosozlik aniqlanganligi qayd etildi.

Vazir tomonidan har bir hududdagi xalq ta’limi boshqarma boshliqlari va tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirlari maktablarda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha aniqlangan muammoni tuman hokimi bilan birgalikda tezkorlik bilan hal qilish bo‘yicha kafolat xati taqdim etishi yuzasidan topshiriq berildi.

Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan soha mas’ullariga tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Shuningdek, o‘qituvchilarni o‘z xizmat vazifasidan tashqaridagi ishlarga jalb qilmaslik bo‘yicha hududiy rahbarlar yana bir bor ogohlantirildi. O‘qituvchi va ustozlar faqat maktabda ta’lim sifatiga javob berishi kerakligi, dars mazmuni ularning birinchi va yagona vazifasi bo‘lishi lozimligi tushuntirildi.

Hududiy mas’ullar maktablarda intizom masalalariga alohida e’tibor berish kerakligi, ta’lim jarayoniga bog‘liq murojaat va muammolarni joylardagi mutasaddilar o‘rganib, hal etishi lozimligi, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan tizimga doir tanqidiy materiallarga o‘z vaqtida munosabat bildirish, keltirilgan muammolarni tezkor o‘rganish bo‘yicha barcha darajadagi rahbar va mas’ullar qat’iy ogohlantirildi.

Yig‘ilishda hudud rahbarlarining kun tartibidagi masalalar bo‘yicha hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu