Sayt test rejimida ishlamoqda

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari poytaxtimizdagi 110-maktab faoliyati bilan tanishdi

16-noyabr 2022-yil
image

Joriy yilning 14-16-noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” mavzusidagi II Butunjahon konferensiyasi doirasida ishtirokchilar yurtimizdagi qator ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.

Bugun xorijlik mehmonlar poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 110-maktabda bo‘lib, bu yerda o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoit, dars jarayonlari va o‘quvchilarning darsdan tashqari mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi.

Konferensiya ishtirokchilari maktab o‘quvchilari va pedagoglar bilan muloqotda bo‘lib, ushbu maktab misolida O‘zbekistonda xalq ta’limini rivojlantirish yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar, xususan, milliy o‘quv dasturlari, darsliklarning yangi avlodi, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish borasida olib borilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishdi.

O‘zaro samimiy ruhda kechgan uchrashuvlar davomida mehmonlar maktab o‘quvchilarining hozirjavobligi va bilimiga yuqori baho berdi. Mamlakat yetakchisi tashabbusi bilan O‘zbekistonda ta’lim sohasida erishilayotgan o‘zgarishlar, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va rag‘batlarni e’tirof etib o‘tdi.

Shu bilan birga maktabda sport zallari, astronomiya mashg‘uloti uchun planetariy, kimyo va biologiya laboratoriya mashg‘ulotlarida ham ishtirok etdi.

Tadbir so‘ngida maktabning iqtidorli o‘quvchilari ishtirokida mehmonlarga konsert dasturi namoyish etildi.

Uchrashuv so‘ngida konferensiya ishtirokchilari kelgusida mazkur maktab bilan o‘quv-metodik yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish tashabbusini bildirib o‘tdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu