Sayt test rejimida ishlamoqda

Masofaviy ta’limga jalb etilgan o‘quvchilar dastlabki sinov jarayonlarida ishtirok etdi

5-noyabr 2022-yil
image

Avval xabar qilinganidek, yurtimiz umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida masofaviy ta’limni bosqichma bosqich joriy etib borish maqsadida “Leader online” dasturining tajriba-sinov jarayonlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur tajribani amaliyotga joriy etish maqsadida Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 7-sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirokida suhbatlar o‘tkazildi. Shunga ko‘ra, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan 60 nafar (30 nafar o‘zbek tilida, 30 nafar rus tilida ta’lim beriladigan) o‘quvchilar ro‘yxati ota-onalar va o‘quvchilarning o‘z ixtiyoriga asosan shakllantirildi.

Bugun poytaxtimizda joylashgan NORDIC INTERNATIONAL UNIVERSITY nodavlat oliy ta’lim muassasasida masofaviy ta’limga jalb etilgan o‘quvchilarning bilim darajasini aniqlashga qaratilgan boshlang‘ich sinov (kirish testi) jarayonlari o‘tkazildi.

Unda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani 142-maktab, Olmazor tumani 249-maktab, Yakkasaroy tumani 91-IDUM, Chilonzor tumani 101-maktabda tahsil olib kelgan jami 60 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, o‘quvchilar umumiy sonining 10 foizidan oshmagan qismi “Ayollar daftari” va “Temir daftar”da ro‘yxatga qo‘yilgan kam ta’minlangan oila farzandlaridan iborat.

Sinov jarayonlarida o‘quvchilarning matematika, ingliz tili va ona tili (rus tilida ta’lim beriladigan guruh o‘quvchilari uchun rus tili)dan olgan bilimlari test sinovlari asosida tahlil etildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘quvchilarning belgilangan fanlarga oid mavjud bilimlari ijobiy baholandi.

Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va O‘zbekiston nodavlat ta’lim tashkilotlari uyushmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur masofaviy ta’lim jarayoni 2022-2023-o‘quv yilining ikkinchi choragidan boshlanadi.

Unda “Lider bolalar maktabi” nodavlat ta’lim muassasasi mutaxassislari tomonidan o‘quvchilarga masofaviy bepul ta’lim berib boriladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu