Sayt test rejimida ishlamoqda

XALQ TAʼLIMI VAZIRI SAMARQANDLIK OʻQITUVCHILAR BILAN UCHRASHDI: “JAMIYATNING OʻZGARISHI SIZDAN BOSHLANISHI LOZIM”

25-noyabr 2021-yil
image

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov Samarqand viloyatiga bordi. Vazirning ilk manzili Samarqand shahridagi 800 nafardan ortiq bola tahsil oladigan 8-sonli yapon tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi boʻldi. U yerda oʻquvchilarga yaratib berilgan shart-sharoitlar va dars jarayonlari koʻzdan kechirildi.

Baxtiyor Saidov oʻquvchi-yoshlarga vazir darsini oʻtib, oʻquvchilarning til bilish koʻnikmalari, ularning kelgusidagi orzu-maqsadlari xususida soʻradi.

Shuningdek Baxtiyor Saidov maktab pedagoglar jamoasi bilan uchrashar ekan, oʻqituvchilik masʼuliyati, oʻquvchilarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni oʻrganishda zamonaviy metodlardan foydalanish xususida oʻz tavsiyalarini berdi. Oʻquvchilarning zamon talablariga mos taʼlim-tarbiya olishlari uchun maktabga interaktiv doska sovgʻa qilindi.

Shundan soʻng vazir shahardagi 4-umumtaʼlim maktabida boʻlib, taʼlim muassasasida oʻqituvchi va oʻquvchilarga yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi hamda sharoitning zamon talablariga javob bermagani bois, uni 2022-2026-yil investitsiya dasturiga kiritilishini qayd etdi. Maktabda kompyuter sinf xonasi yoʻqligi bois, soʻnggi rusumdagi 15 ta kompyuter jamlanmasini sovgʻa qilindi hamda oʻqituvchilarga bolalarning zamon talablari asosida bilim olishlari uchun foydali kontentlardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi.

sajtga3.jpg

Keyingi manzil Samarqand viloyati oʻqituvchilarning malaka oshirish instituti boʻldi. Baxtiyor Saidov malaka oshirishga kelgan oʻqituvchilar bilan suhbatlashar ekan:

«Sizning zimmangizda ulkan masʼuliyat bor, jamiyatning oʻzgarishi sizdan boshlanishi lozim, oʻqituvchi oʻzgarsa oʻquvchi oʻzgaradi, oʻquvchi orqali esa biz ota-onaga taʼsir qilishimiz mumkin.

Buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida yaratgan maʼnaviyat durdonalari dunyo tamadduniga beqiyos hissa boʻlib qoʻshilgan. Bugungi yoshlarni ajdodlarga munosib avlod etib tarbiyalash uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi, Uchinchi Renessans poydevorini Sizlar bilan birgalikda quramiz.

sajtga2.jpg

Bugun oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri oʻqituvchilarning toifasini oshirish, boʻshliqlarni toʻldirish, taʼlimdagi muammolarni birgalikda bartaraf etishimiz lozim. Bu esa oʻqituvchilarimizdan katta bilim, mahorat va fidoiylik talab etadi. Buning uchun esa biz oʻqituvchilarimiz uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishimiz lozim. Oʻqituvchilarning ish uslubini takomillashtirib borish lozim. Oʻqituvchini oʻz-oʻzini baholaydigan 7 ta indikatordan iborat yangi tizim joriy etiladi»,– dedi Xalq taʼlimi vaziri.

Uchrashuv davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar asosida kelgusidagi vazifalar belgilab olinishi taʼkidlandi.

.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu