Sayt test rejimida ishlamoqda

Ta’lim vazirliklarining ichki audit xizmatlari faoliyati tahlil etildi

17-oktabr 2022-yil
image

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirliklari mutasaddilari ishtirokida ushbu vazirliklarining ichki audit xizmati faoliyati tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbir avvalida tegishli vazirliklar tomonidan Ichki audit xizmati faoliyati bo‘yicha 2022-yil 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.

Xalq ta’limi vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, vazirlik Ichki audit xizmati faoliyatidagi asosiy e’tibor tizimdagi ta’lim muassasalari o‘rtasida profilaktika chora-tadbirlarni kuchaytirishga qaratilgan.

2022-yilning o‘tgan 9 oyi davomida o‘tkazilgan kompleks audit tadbirlari natijasida 609 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olinishiga erishildi. Tizimdagi ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan 619 ta nazorat tadbirlarida 64,8 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonun buzilish (shundan, 12,1 mlrd. so‘mlik o‘zlashtirish) holatlari aniqlandi.

Jumladan. ta’lim muassasalarda aslida ishlamaydigan xodimlarga ish haqi hisoblab yozish va ishlovchi xodimlarining oylik maoshlariga qo‘shib yozish yo‘li bilan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 836,5 mln. so‘m, Dehqonobod tumanida 243,8 mln. so‘m, Koson tumanida 233,2 mln. so‘m, Mirishkor tumanida 111,1 mln. so‘m mablag‘ talon-toroj qilinganligi ma’lum bo‘ldi.

2022-yil 9 oylik davomida aniqlangan holatlar bo‘yicha huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish maqsadida tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 64,7 mlrd. so‘mlik o‘rganish materiallari vakolatli organlarga taqdim etildi.

Joriy yil hisobot davrida moliyaviy qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilganligi uchun tizimdagi 285 nafar mas’ul shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari ko‘rilgan. Shundan, 201 nafar mas’ul xodimga nisbatan hayfsan e’lon qilingan, 61 nafar mas’ul xodimga nisbatan jarima qo‘llanilgan hamda 23 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari, fuqarolar ishtirokida nazorat tadbirlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, vazirlik tomonidan joriy yil 1-10 oktabr kunlari fuqarolar ishtirokidagi audit tizimida nazorat ob’ektlarini tanlash jarayoni o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, Davlat audit (www.davlatauditi.uz) tizimida 107 nafar fuqaro tomonidan 53 ta nazorat obyektlari uchun ovoz berilib, shundan eng ko‘p marotaba tanlangan 3 ta obyektda joriy yil noyabr oyida o‘rganish o‘tkazilishi rejalashtirildi.

Qayd etilganidek, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tizimdagi moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olish borasida raqamlashtirish hamda profilaktika tadbirlarini yanada kuchaytirish orqali zarur choralar doimiy ravishda davom ettiriladi.

Tadbir so‘nggida jurnalistlar tomonidan mavzuga oid savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib o‘tildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu