Sayt test rejimida ishlamoqda

Hurmatli xalq taʼlimi tizimi xodimlari, ustozlar va aziz o‘quvchilar!

5-sentabr 2022-yil
image

Sizlarni yangi — 2022/2023-o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan samimiy tabriklayman.

Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush faravonligini oshirish, xususan, xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, farzandlarimizning yetuk va barkamol avlod bo‘lib kamol topishi yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida sizlarning ham munosib hissangiz katta ekanligini yana bir bor taʼkidlab o‘tishdan mamnunman. 

Murakkab va sharafli sohamizda olib borilayotgan ko‘p qirrali islohotlarni amaliyotga joriy etish, yurtimiz yoshlarining ertangi porloq va baxtli hayotini taʼminlash, ularning bilimli, yurtimizga sodiq va fidoyi insonlar bo‘lib voyaga yetishida har biringizning alohida o‘rningiz, xizmatingiz bor. 

Aziz o‘quvchilar!

Maktabda sevimli ustozlaringizdan olayotgan bilimingiz, taʼlim-tarbiya va hayotiy saboqlaringiz kelajakda nafaqat o‘zingizning kamolotingiz, balki mamlakatimiz taraqqiyoti va faravonligini taʼminlashda g‘oyat muhim ekanligini barchangiz yaxshi anglab turibsiz.

Yurtimiz kelajagi, yaqin insonlaringizning baxtli hayot kechirishi bevosita sizning bugun olayotgan bilimingiz va oldingizga qo‘ygan ertangi maqsadlaringiz ijobatiga bog‘liq. Shunday ekan, barchangizdan boshlanayotgan yangi o‘quv yilida yana-da qunt bilan bilim olish, ustozlaringiz va ota-onalaringizning o‘gitlariga muntazam amal qilish talab etiladi.

Qadrli o‘g‘il-qizlar!

Shuni unutmangki, buyuk bobokalonlarimiz — Xorazmiy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi o‘nlab sohalarning bilimdoni va dahosi bo‘lib yetishishingizda sizga faqat va faqat taʼlim yordam beradi. Oldingizga yuksak marralarni qo‘yib, qunt bilan saboq olishingiz sizni ana shunday baland parvozlarga tayyorlay oladi.

Maktab — orzularga qanot bag‘ishlaydigan, har bir o‘quvchining kelajak maqsadlari ijobatiga poydevor bo‘luvchi muqaddas maskan. Maktab — har bir o‘quvchining maʼnaviy uyi, unda olinayotgan bilim va saboqlar esa sizlar uchun katta boylik, yo‘qolmas xazinadir.

Xulosa shuki, yurtimizning kelajakda taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qo‘shilishi va rivojlanishi sizlarning mazkur maskanda olayotgan maʼnaviy boyligingizga bog‘liq.

Dono xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, bilim — har qanday vaqtda yo‘lingizga mayoq bo‘ladi, sizga dunyo eshiklarini ochadi.

Ishonamanki, siz maktabda olayotgan yuksak bilim va tarbiyangiz bilan bu davonlardan og‘ishmay o‘ta olasiz.   

Yangi o‘quv yilida barchangizga katta ishtiyoq va kuch-quvvat tilagan holda, taʼlim jarayonida erishgan yutuqlaringiz bilan ustozlaringiz va yaqinlaringizning yuzini yorug‘ qilishingizga ishonaman.

 

Baxtiyor SAIDOV
O‘zbekiston Respublikasi
Xalq taʼlimi vaziri

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu