Sayt test rejimida ishlamoqda

Joriy yilning birinchi yarim yilligida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan 270,4 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olinishiga erishildi

16-iyul 2022-yil
image

Bugun Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq taʼlimi vazirligi Ichki audit xizmati faoliyatining joriy yil I yarim yillik natijalari sarhisobiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu kabi muhim raqamlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbirda qatnashgan Xalq taʼlimi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov tomonidan berilgan maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida 270,4 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olinishiga erishildi. Shuning bilan birga, taʼlim muassasalarida o‘tkazilgan 524 ta nazorat tadbirlarida 37,7 mlrd. so‘mlik qonun buzilish, shundan 10,4 mlrd. so‘mlik pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda Surxondaryo viloyati Denov tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida, ish haqiga nisbatan bankdan ortiqcha olingan 2,8 mlrd.so‘m naqd pul mablag‘lari, kassaga kirim qilinmasdan o‘zlashtirilishi, fuqarolarning shaxsiy kreditlarni so‘ndirish hamda omonatga joylashtirish orqali 6,9 mlrd.so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.

Qayd etilganidek, bakalavr va qayta tayyorlov diplomlari qalbakilashtirilishi hisobiga Jizzax viloyatida 1,9 mlrd. so‘m, Sirdaryo viloyatida 1,8 mlrd. so‘m, Buxoro viloyatida 1,4 mlrd. so‘m, Qashqadaryo viloyatida 0,1 mlrd.so‘m, jami 5,3 mlrd. so‘m miqdoridagi byudjet mablag‘lari noqonuniy sarflangan.

Temur Komilov keltirib o‘tilgan raqamlar miqdori bilan bog‘liq jurnalistlar tomonidan berilgan savolga javob berar ekan, xalq taʼlimi katta hajm va xodimlarga ega murakkab tizim ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tdi:

— Albatta, hech bir soha kamchilikdan xoli emas, jumladan xalq taʼlimi tizimi ham. Shunga ko‘ra, bizning sohada ham maʼlum miqdorda moliyaviy xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Gap bu yerda yetti yuz ming xodimga ega hamda farzandlarimizning kelajak hayotiga bevosita taʼsir ko‘rsatuvchi tizim haqida ketmoqda. Shu o‘rinda xalq taʼlimi tizimiga ajratilgan mablag‘lar respublika davlat byudjetidan tegishli tashkilotlarga ajratilgan eng katta miqdor ko‘rsatkichga ega — 30 trillion so‘mga yaqin. Shu boisdan tizimda aniqlanayotgan moliyaviy xato va kamchiliklar soni ham shunga mutanosib ravishda katta miqdorni tashkil qiladi. Shu bois Ichki audit xizmati tomonidan moliyaviy qonun buzilish holatlariga qarshi olib borilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini bermoqda, deb aytishimga barcha asoslar yetarli. 2020 yilda aniqlangan jami moliyaviy qonun buzilishlarning ajratilgan byudjet mablag‘lariga nisbatan ulushi 1 foiz (shundan, kamomad va o‘zlashtirishlar miqdori - 0,3 foizni) miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yil I yarim yil yakunlari bo‘yicha jami moliyaviy qonunbuzilishlar - 0,2 foizni (shundan, kamomad va o‘zlashtirishlar miqdori - 0,1 foizni) tashkil etganligini taʼkidlash joiz. Yaʼni, xalq taʼlimi tizimida moliyaviy qonun buzilish miqdorlarining yildan-yilga kamayib borayotganligini kuzatish mumkin.

Vazir o‘rinbosari qonun buzilish holatlarini oldini olish va aybdorlarga nisbatan ko‘rilgan choralarga doir savollarga ham batafsil javob berib o‘tdi.

Aytilganidek, joriy yilning olti oyi davomida moliyaviy qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 125 nafar masʼul shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari ko‘rilgan. Ularning 89 nafariga hayfsan eʼlon qilingan, 16 nafariga jarima qo‘llanilgan, 20 nafar masʼullar esa o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish maqsadida tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 37,6 mlrd. so‘mlik o‘rganish materiallari huquq-tartibot organlariga taqdim etildi.

Tadbir so‘nggida jurnalistlar tomonidan berilgan mavzuga doir boshqa savollarga ham tegishli javoblar berildi. Xususan, raqamlashtirish hamda profilaktika tadbirlarini samarali davom ettirish orqali tizimdagi moliyaviy xato- kamchiliklarni oldini olish choralariga jiddiy eʼtibor berilayotganligi taʼkidlab o‘tildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu