Sayt test rejimida ishlamoqda

XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGIDA BOLA HUQUQLARINI ISHONCHLI HIMOYA QILISH MASALALARI MUHOKAMA ETILDI

26-may 2022-yil
image

Joriy yilning 26 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tashabbusi bilan Xalq taʼlimi vazirligida Bolalar masalalari bo‘yicha Milliy komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda bola huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlash, bolalar masalalari bo‘yicha milliy va hududiy komissiyalarning faoliyati, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash hamda oilaviy bolalar uylarining tashkil etilishi holatlari muhokama etildi.

photo2022-05-2617-54-44.jpg

Tadbirda Bolalar masalalari bo‘yicha Milliy komissiya hamraisi, Vazirlar Mahkamasining Bolalarni himoya qilish masalalari shoʻbasi masʼul xodimlari, Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari, Milliy gvardiya vakillari hamda viloyat hokimi o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Bola huquqlarini himoya qilish Milliy komissiyaning har bir aʼzosi, shu bilan birga har bir vazirlikning vazifasi ekanligini Davlatimiz rahbari Farmonida bilan belgilab berilganligini taʼkidlab o‘tildi. Shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar to‘g‘risidagi maʼlumotlar shakllantiriladigan mu.maktab.uz platformasi yaratilgani alohida qayd etildi.

photo2022-05-2617-54-24-2.jpg

Ayni vaqtda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlashning “onlayn-navbat” tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kun holatiga 486 nafar uy-joyga muhtoj bo‘lgan bolalar onlayn navbatga qo‘yilgan.

Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning 2022 yil 29 aprelda “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qarorga muvofiq 2022 yil 1 iyuldan boshlab oilaviy bolalar uylariga Davlat byudjetidan mablag‘ ajratishning tartibi joriy etiladi. Endilikda hududiy hokimliklar ushbu mablag‘larni belgilangan tartibda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirishi kerak. Lekin bu borada hokimliklar juda sust harakat qilishmoqda.

photo2022-05-2617-54-24.jpg

Shuningdek, yig‘ilishda “Mehr daftari” platformasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi va Milliy gvardiya tomonidan Mehr daftari platformasiga tuman (shahar) bolalarni himoya qilish shoʻbalari tomonidan zarur maʼlumotlar kiritilishi nazoratga olinganligi taʼkidlab o‘tildi. Shu bilan birga, “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu jamg‘armaga 22,4 mlrd. so‘m mablag‘ kelib tushgan.

Tadbirda ijtimoiy tarmoqlar orqali bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning turli shakllari qo‘llanilayotganligi, afsuski, oilada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, ijtimoiy norma hisoblanib qolayotganligi, zo‘ravonlikning oldini olish, bolalarga nisbatan qo‘llanilayotgan zo‘ravonlikka nisbatan tizimli va jamoaviy murosasizlikni borasidagi ishlarni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Tadbir so‘ngida hududiy komissiyalarning faoliyati muhokama qilindi. Shu bilan birga bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar berildi.

photo2022-05-2617-54-23.jpg

Maʼlumot uchun: Bugungi kunda 10 ta mehribonlik uyi, 4 ta bolalar shaharchasi, 2 ta bolalar uyi faoliyati yakunlandi va 6 ta “Mehribonlik” uyi, 11 ta kichik bolalar uylari, 3 ta SOS - bolalar mahallalari, 121 ta oilaviy bolalar uylari faoliyat ko‘rsatmoqda.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu