Sayt test rejimida ishlamoqda

OTA-ONALAR EʼTIBORSIZLIGI SABABLI “DAVOMAT” REYDLARI DAVOMIDA DARSLARNI SABABSIZ QOLDIRGAN 2 832 NAFAR OʻQUVCHI ANIQLANDI

14-oktabr 2021-yil
image

Joriy yilning 8-9-oktyabr kunlari oʻquvchi-yoshlarning nazoratsiz qolishi va sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish, dars jarayonida oʻqishga bormasdan bemaqsad yurgan, voyaga yetmaganlarni aniqlash, ularni oʻqishga qaytarish va davomatni yaxshilash maqsadida maktablarda taʼlim-tarbiya olayotgan voyaga yetmagan oʻquvchilar oʻrtasida “Tigʻ” va “Davomat” tadbirlari oʻtkazildi.

Xalq taʼlimi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan reyd davomida darslarni sababsiz qoldirgan 2 832 nafar oʻquvchi aniqlandi. Shulardan, 439 nafari dars vaqtida internet-kafeda, 68 nafari tungi internet klubda, 338 nafari bozorlarda savdo-sotiq va aravakashlik, 39 nafari daydilik, 15 nafari esa jamoat transportida chiptachilik faoliyati bilan shugʻullanib yurganligi aniqlanib, taʼlimga jalb etildi.

Shu bilan birga ota-onalar nazorati va qarovisiz qolgan 1542 nafar qarovsiz qolgan oʻquvchi aniqlanib, ular taʼlim olishi uchun maxsus maktab-internatlarga joylashtirildi. Reyd natijasida sababsiz darslarda qatnashmayotgan, nazoratsiz qolganligi aniqlangan oʻquvchilarning ota-onalari hokimliklar huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalarining yigʻilishlariga jalb etilib mazkur holatlar muhokama qilindi.

Shu oʻrinda Xalq taʼlimi vazirligi barcha ota-onalardan farzand tarbiyasiga masʼuliyat bilan yondashishlarini, farzandlari uydan chiqayotganda uning portfelida va yonida oʻtkir tigʻli jismlar mavjud emasligini koʻzdan kechirishni, maktabga oʻz vaqtida borayotganini nazoratga olishlarini soʻrab qoladi. Zero, bolalarning buguni bizning kelajagimiz, ularning tarbiyasiga doimiy eʼtibor esa ota-onalarning qonuniy burch va majburiyatlari ekanligini yana bir bor eslatib oʻtadi.

--

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu