Sayt test rejimida ishlamoqda

IXTISOSLASHTIRILGAN MAKTABLARDA TAʼLIM VA TARBIYA SIFATINI TUBDAN OSHIRISH BO‘YICHA USTUVOR VAZIFALARGA BAG‘ISHLANGAN YIG‘ILISH BO‘LIB O‘TMOQDA

17-yanvar 2022-yil
image

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida maktablarda, ayniqsa ixtisoslashtirilgan maktablarda taʼlim va tarbiya sifatini tubdan oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident: "Ixtisoslashgan maktablar taʼlim, ilm va amaliyotni o‘ziga qamrab olgan yagona klaster doirasida faoliyat yuritishi kerak"

Prezident ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini tahlil qilar ekan, hozirgi kunda xalq taʼlimi tizimida ixtisoslashgan maktablar soni 790 taga yetganini taʼkidlandi. Jumladan, xorijiy tillar bo‘yicha 207 ta, matematika va fizika bo‘yicha 126 ta, IT bo‘yicha 99 ta, kimyo-biologiya fanlari bo‘yicha 87 ta maktab.

Ushbu maktablarning faqat 135 tasi to‘liq ixtisoslashgan va internat maqomiga ega. Qolgan 655 ta maktabdagi 25 foiz sinflarda u yoki bu fanlar chuqur o‘rgatiladi. 

"Shu bilan birga, ushbu 655 ta ixtisoslashgan maktabda taʼlim dasturi, o‘quv darsliklari, o‘qitish metodikasi, fan to‘garaklari oddiy maktablardan deyarli farq qilmaydi.

Misol uchun, matematika yoki chet tiliga ixtisoslashgan sinflarda qolganlarga nisbatan 2 soat ko‘proq maxsus fan o‘tiladi, xolos. 2025 yilga qadar yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollarga yetkazishni va eksport hajmini 30 milliard dollardan oshirishni reja qilganmiz.

Buning uchun bizga, eng avvalo, hozirgi zamon talablariga mos keladigan va zarur bilimlar bilan qurollangan, mantiqiy fikrlaydigan, liderlik qobiliyatiga ega bo‘lgan vatanparvar yosh avlodni tayyorlashimiz kerak", - dedi Prezidentimiz yig‘ilishda.

Shu munosabat bilan soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga ishni quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etish topshirildi:

- yangi o‘quv yilidan boshlab, viloyat markazlaridan, katta shahar va tumanlardan 2 tadan, tuman va shaharlardan 1 tadan ixtisoslashgan maktablar Xalq taʼlimi vazirligidan Prezident taʼlim muassasalari agentligiga o‘tkaziladi;

- bunda, tuman va shaharlardagi sanoat va qishloq xo‘jaligining rivojlanganligi, bu hududlarda azaldan kuchli o‘qitilgan fanlardan kelib chiqib, maktablar ixtisoslashishi kerak;

 - bundan buyon ixtisoslashgan maktablar Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimida tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari ixtisoslashgan maktablar faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Jumladan, bunday maktablarda:

- o‘quvchilar xalqaro taʼlim dasturlari asosida zamonaviy o‘quv darsliklari bilan taʼminlanadi;

- 9-sinfga kelib o‘quvchilar kamida 1 ta xorijiy til bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikat olishlari taʼminlanadi;

- yuqori sinf o‘quvchilarining bevosita korxonalarda amaliyot o‘tashi tizimi joriy qilinadi;

- maktablarga ixtisosligidan kelib chiqib Fanlar Akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliygohlarning kafedralari biriktiriladi.

"Umuman, ixtisoslashgan maktablar taʼlim, ilm va amaliyotni o‘ziga qamrab olgan yagona klaster doirasida faoliyat yuritishi kerak", dedi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida maktablarda, ayniqsa ixtisoslashtirilgan maktablarda taʼlim va tarbiya sifatini tubdan oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu