Sayt test rejimida ishlamoqda

BAXTIYOR SAIDOV: “BARKAMOL AVLOD” BOLALAR MAKTABLARI BORLIGINI HAR BIR OILA BILISHI KERAK”

22-yanvar 2022-yil
image

Joriy yilning 21 yanvar kuni Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov «Barkamol avlod» bolalar maktablari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Tadbirda maktabdan tashqari taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish masalalari muhokama etildi.

«Barkamol avlod» bolalar maktablarini afsuski bugun har bir oila biladi deb ayta olmaymiz. Lekin faoliyatni shunday yo‘lga qo‘yish kerakki, har bir ota-ona bu maktab haqida xabardor bo‘lishi kerak. Farzandlarini maktabdan keyingi hayotini aynan shu tashkilotga ishonib topshirishi kerak. “Barkamol avlod” bolalar maktablari tashkil etilayotganda ularning oldiga maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini oshirish, o‘quvchilarda yuksak maʼnaviy fazilatlarni kamol toptirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga yo‘naltirish kabi ezgu maqsadlar qo‘yilgan. Buning uchun esa bizdan “Barkamol avlod” maktablari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, faoliyatini takomillashtirish talab etiladi. Buning uchun esa faoliyatimizni mutlaqo qaytadan ko‘rib chiqib, o‘z ustimizda ishlashimiz lozim”, — deya taʼkidladi Baxtiyor Saidov.

Uchrashuvda «Barkamol avlod» maktablarini yuqori malakali mutaxassislar, to‘garak rahbarlari, uslubchilar bilan taʼminlash choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, o‘z ishini puxta egallagan professional kasb egalarini jalb etish orqali, ular ishtirokida mahorat darslarini tashkil etish vazifa etib topshirildi. Shuningdek «Barkamol avlod» maktablari va boshqa xalq taʼlimi tizimidagi tashkilotlarning bo‘sh vakant lavozimlariga maktablarda qisqartirilgan yoshlar yetakchilarini jalb etish tavsiya etildi.

Ayni paytda xalq taʼlimi tizimida 217 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat ko‘rsatadi. Ulardagi mavjud 7527 ta to‘garaklarga 216764 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb qilingan. «Barkamol avlod» respublika bolalar maktabida madaniyat va sanʼat, texnika, konstruktorlik va modellashtirish, jismoniy tarbiya va sport, hunarmandchilik va qo‘l mehnati, turizm va ekologiya, oliy taʼlim muassasalari va maktabga tayyorlov, xorijiy tillar yo‘nalishlar kesimida to‘garaklar faoliyat olib bormoqda.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu