Sayt test rejimida ishlamoqda

24 YANVAR – XALQARO TAʼLIM KUNI

24-yanvar 2022-yil
image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi taʼlimning tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi ahamiyatini eʼtirof etgan holda o‘zining 2018 yil 3 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 24 yanvarni “Xalqaro taʼlim kuni” deb eʼlon qilgan edi. Bu yil dunyo jamoatchiligi mazkur Xalqaro kunni to‘rtinchi bor nishonlamoqda.

Mazkur bayram yosh hisoblansada, ahamiyati juda ham cheksiz. Uning nishonlanishi nafaqat insoniyatning ilm-maʼrifatga tashnaligini eʼtirof etish, balki dunyo davlatlari hukumatlari va jamiyatlari eʼtiborini taʼlim sohasidagi mavjud muammolarga, shu jumladan, savodsizlikni bartaraf etish, turli mintaqalarda yaxlit taʼlim dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirish kabi masalalarga qaratishni maqsad qilgan.

BMT maʼlumotlariga ko‘ra, (https://en.unesco.org/commemorations/educationday) bugungi kunda butun dunyoda 258 million nafar bola va o‘smir hali ham maktabga borish yoki uni tamomlash imkoniga ega emas. 617 million bolalar esa o‘qish va matematikaning elementar ko‘nikmalaridan ham bexabar, to‘rt millionga yaqin qochqin bolalar va yoshlar maktabdan tashqarida. Ular qashshoqlik, diskriminatsiya, qurolli mojarolar, favqulodda holatlar va iqlim o‘zgarishi oqibatlari tufayli azob chekmoqda.

Qayd etish joizki, butun dunyo bo‘ylab ana shunday murakkab muammoli vaziyatlar sodir bo‘layotgan bir davrda O‘zbekistonda yosh avlodning taʼlim-tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bolalar va yoshlarni taʼlim olishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” g‘oyasi asosida tubdan takomillashmoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”.

Shu maqsadda mamlakatimizda kelgusi yillarda taʼlim tizimini yana-da rivojlantirish, yoshlarni taʼlim bilan qamrovini kengaytirish, ehtiyojmand oilalar farzandlariga imtiyozlar berish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Xususan, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasida ham maktablarni rivojlantirish milliy dasturini joriy etish orqali xalq taʼlimi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish, darsliklarni yangilash uchun Davlat byudjetidan 605 mlrd so‘m ajratish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4-sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash tizimini joriy etish, maktab davrida o‘quvchilarning kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashish tizimini joriy etish kabi qator ishlar amalga oshirilishi belgilangan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu