Sayt test rejimida ishlamoqda

IJTIMOIY TARMOQLARDA IXTISOSLASHGAN MAKTABLARDAN O‘QUVCHILARNI KO‘CHIRISH BO‘YICHA OTA-ONALARNING NOROZILIGI AKS ETGAN VIDEOMUROJAAT YUZASIDAN MUNOSABAT

25-aprel 2022-yil
image

Joriy yilning 14 aprel kuni Ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishga yagona yondashuvni shakllantirish, ushbu maktablar tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda taʼlim jarayoniga malakali rahbar va pedagog kadrlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimida ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimida 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar tashkil etilishi belgilandi.

Agentlik maktablarida Prezident maktablari tajribasidan kelib chiqib, o‘quv jarayoni xalqaro taʼlim dasturlari asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar asosida olib boriladi, o‘quvchilar xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishi uchun zarur shart-sharoit va taʼlim muhitini yaratiladi, mazkur jarayonga xorijiy hamda mahalliy pedagog kadrlarni jalb qilinadi, sunʼiy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT bo‘yicha qo‘shimcha kurslar tashkil etiladi. 

2022/2023 o‘quv yilida Agentlik maktablariga o‘quvchilar tanlov asosida, yangi aniq fanlar yo‘nalishiga 5 - 11-sinflarga, tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7 - 11-sinflarga qabul amalga oshiriladi. 

Mazkur tanlovlarda birinchi navbatda shu maktabda taʼlim olayotgan o‘quvchilar to‘liq ishtirok etadi va ularni barchasiga tanlovda qatnashishga imkoniyat beriladi.

Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida g‘olib bo‘lgan (1, 2, 3-o‘rin) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional taʼlim tashkilotlari o‘quvchilari o‘zi taʼlim oladigan hududida joylashgan Agentlik maktablariga umumiy qabul parametrlari doirasida kirish imtihonsiz o‘qishga qabul qilinadi.

Bugungi kunda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan  Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkaziladigan maktab o‘quvchi va o‘qituvchilarini boshqa taʼlim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berilmagan. 

Shu o‘rinda, maktab maʼmuriyatlaridan shoshma-shosharlik bilan ota-onalar o‘rtasida noroziliklarni keltirib chiqarmasliklari, o‘quv yilini ushbu maktabda to‘liq yakunlashlari bo‘yicha tegishli tushuntirish ishlari olib borishlari so‘raladi. 

Hurmatli ota-onalar!

Ortiqcha bezovta bo‘lmasdan, o‘quv yilini to‘liq yakunlab, Agentlik tomonidan eʼlon qilingan tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishingizni so‘rab qolamiz.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu