Sayt test rejimida ishlamoqda

O'QITUVCHILAR O'QUVCHILARGA NISBATAN QO'LLASHI MUMKIN BO'LGAN CHORALAR VA RAG'BATLANTIRISH USULLARI

23-fevral 2022-yil
image

Joriy yilning 23 fevralь kuni Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “Umumtaʼlim maktab oʼqituvchilari tomonidan oʼquvchilarga nisbatan qoʼllanilishi mumkin boʼlgan choralar va ragʼbatlantirish" mavzusida Matbuot anjumani oʼtkazildi. Unda Xalq taʼlimi vazirligi masʼul xodimlari, psixologlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Xabaringiz bor, soʼnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda umumtaʼlim maktablarining ayrim oʼqituvchilari tomonidan oʼquvchilarga nisbatan qoʼllanilgan choralar koʼplab muhokamalarga sabab boʼlmoqda. Matbuot anjumanida taʼlim jarayonida oʼqituvchi, oʼquvchi hamda ota-onalarga qoʼyilgan talablar, barcha uchun amal qilishi lozim boʼlgan odob-axloq qoidalari, oʼquvchilarga nisbatan qoʼllanilishi mumkin boʼlgan choralar va ragʼbatlantirishlar toʼgʼrisida batafsil maʼlumotlar berildi.

photo2022-02-2312-50-46.jpg

Davlat umumtaʼlim maktablarida pedagog xodimlar va oʼquvchilar oʼrtasidagi oʼzaro munosabatlar 2020 yilning 28 may sanasidagi vazirlikning 131-sonli buyrugʼi bilan tasdiqlangan “Umumiy oʼrta taʼlim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari” bilan tartibga solingan.

Qoidalarning maqsadi taʼlim muassasasida sogʼlom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, oʼquvchilarga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida taʼlim-tarbiya berish, shaxs va uning huquqlarini hurmat qilish, odob-axloq madaniyati va muloqot qobiliyatini rivojlantirish, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirish, oʼquvchilar sogʼligini saqlash, taʼlim muassasasi mulki, oʼquv jihozlari va xodimlar xavfsizligini taʼminlashga imkon beradigan doʼstona ish muhitini yaratishdan iborat.

photo2022-02-2312-50-46-2.jpg

Mazkur qoidalar Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "Taʼlim toʼgʼrisida"gi Qonun, "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi", "Bola huquqlarining kafolatlari toʼgʼrisida"gi Qonun va Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining "Yoshlarni  maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarish chora-tadbirlari toʼgʼrisida" va "Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida"gi qarorlari hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasining topshirigʼi ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Taʼkidlash joizki, mazkur qoidalar davlat umumtaʼlim muassasalarida tatbiq etiladi, nodavlat taʼlim muassasalari uchun tavsiyaviy xususiyatga ega. Ushbu qoidalarning 11-bandiga muvofiq oʼqituvchilarga oʼquvchilarning shaxsiyati va qadr qimmatini kamsitish taqiqlanadi.

photo2022-02-2312-50-48.jpg

Maktabning ichki tartib qoidalarini buzgan oʼquvchilarga nisbatan taʼlim muassasasining ichki mehnat tartibi qoidalari asosida intizomiy jazo choralari qoʼllaniladi. Ushbu choralarga koʼra, oʼqituvchi oʼquvchining qogʼoz yoki elektron kundaligiga tanbeh yozishi, qoida buzilish takroran kuzatilsa oʼquvchini maktab ichki nazorat roʼyxatiga olishi mumkin. Oʼquvchilar bilan yakka tartibda shugʼullanib, sinf jamoasi orasida muhokama qilish ham belgilab berilgan. Shuningdek, ichki tartibga rioya qilmagan oʼquvchilarni boshqa sinfga oʼtkazish hamda ota-onasini maktabga taklif qilib "Oila-mahalla-taʼlim muassasasi" hamkorligi jamoat kengashi doirasida muhokama qilishi qayd etilgan.

photo2022-02-2312-50-47.jpg

Matbuot anjumani doirasida oʼquvchilarga nisbatan qoʼllanilishi mumkin boʼlgan choralar va ragʼbatlantirish boʼyicha batafsil maʼlumot berildi. Аnjuman soʼngida ommaviy axborot vositalari xodimlarining barcha savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu