Sayt test rejimida ishlamoqda

XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI ICHKI AUDIT XIZMATI TOMONIDAN ANIQLANGAN VA BARTARAF ETILGAN XATO-KAMCHILIKLAR TO‘G‘RISIDA HISOBOT BERILDI

25-fevral 2022-yil
image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xalq taʼlimi vazirligi Ichki audit xizmati faoliyatining yillik natijalari sarhisob qilindi.

Ichki audit xizmati faoliyatida asosiy eʼtibor moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlariga qaratilmoqda.

Xususan, 2021 yilda taʼlim muassasalarining xarajatlar smetasi hamda shtatlar jadvaliga muvofiq rejalashtirilgan mablag‘lardan 143 mlrd. so‘mi maqbullashtirilgan.

2022 yilning 15 fevralga qadar vazirlik tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida 142 mlrd. so‘mlik mablag‘lar maqbullashtirilib, bugungi kunda ushbu ishlar Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorat departamenti bilan birgalikda davom ettirilmoqda.

photo2022-02-2513-18-19.jpg

Aniqlanayotgan kamchiliklardan kelib chiqib hamda ularni kelgusida takrorlanmasligini oldini olish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda:

Birinchidan, Hisob palatasi ko‘rsatmalariga asosan Moliya vazirligi bilan hamkorlikda inson omilini kamaytirish va rejalashtirishdagi kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha “UzASBO” dasturiy majmuasiga o‘zgartirishlar kiritilib, yangi modul va avtomatik cheklovlar joriy etildi.

Ikkinchidan, “Xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarni boshqarish bo‘yicha yagona elektron dasturiy majmua – erp.maktab.uz” axborot tizimi ishlab chiqildi. Mazkur tizimda maktablar, ulardagi o‘qituvchi va o‘quvchilarga tegishli bo‘lgan barcha ko‘rsatkichlar kiritilishi hamda ularga tegishli maʼlumotlarni inson omilini cheklash uchun boshqa tizimdagi maʼlumotlar bazalari bilan integratsiyalash nazarda tutilgan. Hozirgi kunda ushbu dasturiy majmuani joriy etish ishlari olib borilmoqda.

4096-2731-max.jpg

Uchinchidan, Vazirlikning Ichki audit xizmati faoliyatini tashkil etishda byudjet mablag‘larining noqonuniy sarflanishi holatlarining profilaktikasi kuchaytirilmoqda, yaʼni noqonuniy xarajatlarni amalga oshirish riski mavjud bo‘lgan hududlar bo‘yicha alohida “qizil” ro‘yxat shakllantirib ushbu “qizil” hududlarda ish haqini moliyalashtirilishi hamda qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi jarayonlarini doimiy nazorat va kuzatuvga olish choralari ko‘riladi.

To‘rtinchidan, tizimda amalga oshirilayotgan davlat xaridlari monitoringini olib borish bo‘yicha elektron dastur ishlab chiqildi.

Ushbu dasturni “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” va boshqa tegishli idoralar maʼlumotlar bazalari bilan integratsiyasini taʼminlagan holda tizimga joriy etish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilning I choragi davomida Xalq taʼlimi vazirligi tizimida qonun buzilish holatlarini aniqlash hamda korrupsiyaga oid xatti-harakatlarni oldini olish maqsadida Hisob palatasi, Bosh Prokuratura, Moliya vazirligi bilan birgalikda kompleks o‘rganish tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.

Afsuski, moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, vazirlikning Ichki audit xizmati tomonidan 2021 yil davomida tizim taʼlim muassasalarida 91,1 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 27,1 mlrd. so‘m (jami moliyaviy xato va kamchiliklarning 30 foizi) mablag‘ o‘zlashtirilganligi aniqlandi.

photo2022-02-2513-18-20.jpg

Misol uchun, Hisob palatasi boshchiligida o‘tgan yili Andijon viloyati Andijon shahrida o‘tkazilgan tekshirishda, xodimlarning daromad solig‘ini Davlat byudjetiga o‘tkazmasdan, tizimda ishlamaydigan begona shaxslarning plastik kartalariga o‘tkazish orqali 11,5 mlrd.so‘m mablag‘ o‘zlashtirilganligi aniqlangan. (2020 yilda vazirlik tomonidan Andijon shahrida 28,4 mlrd. so‘m mablag‘ naqd pul mablag‘larini kassaga kirim qilmasdan va ishlamaydigan xodimlarga to‘lash orqali o‘zlashtirilganligi aniqlanib, huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan edi).

Maʼlumot uchun: 2020-yilning hisobot ko‘rsatkichlariga nisbatan jami qonunbuzilish holatlari (228,3 mlrd. so‘m) 1,5 baravarga, kamomad va o‘zlashtirish holatlari (70,7 mlrd. so‘m) 2,6 baravarga kamaygan.

Tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 161 ta 76 mlrd. so‘mlik o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu