Sayt test rejimida ishlamoqda

Vazir Hilola Umarova boshchiligidagi guruh Germaniya universitetlari bilan taʼlimga doir samarali hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda

13-aprel 2024-yil
image

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova rahbarligidagi delegatsiya aʼzolari Germaniyada bo‘lib turibdi.

Bunda dastlab Myunxen texnika universitetida o‘tkazilgan “Chegaralarsiz: Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida taʼlim, fan va sanoat bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichi imkoniyatlari” mavzusida xalqaro simpoziumida ishtirok etdi.

Simpoziumda vazir Hilola Umarova ikki davlat hamkorligida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, vazirlik huzuridagi "Yangi O‘zbekiston" universiteti hamda Myunxen texnika universiteti hamkorligining 3 yillik faoliyati yuzasidan takdimot ham tashkil etildi.

Tadbir doirasida Germaniyaning Siemens, Knorr-bremse, Airbus, Deloitte, IT4IPM, Linde kompaniyalari rahbarlari "Yangi O‘zbekiston" universitetida tashkil etiladigan Xalqaro sanoat maslahatlashuv kengashida ishtirok etish uchun taklif etildi.

Aytish lozimki, mazkur Kengash talabalarning amaliyot jarayonlarini muntazam amalga oshirish, sanoatdagi masalalarni ilm-fan, tadqiqot orqali hal etish ishlarini tashkil qiladi. Unga nemis ilg‘or sanoat korxonalari bilan bir qatorda mahalliy korxonalar rahbarlari ham jalb qilinadi.

Simpozium doirasida tashkil etilgan uchrashuvlar davomida "Yangi O‘zbekiston" universiteti talabalarining sanoatga tayyor kadr bo‘lib borishi uchun turli laboratoriyalar ochish, Siemens kompaniyasi tomonidan universitetning yangi kompusida laboratoriya o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazadigan alohida trenajyor markazlari ochish uchun dastlabgi kelishuvlarga erishildi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi masʼullari Myunxen texnik universiteti professorlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturini kengaytirish bo‘yicha ham muhokamalar olib bordi. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” universiteti delegatsiyasi hamda Mitvayda amaliy fanlar universiteti rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki diplomli magistratura dasturini tashkil etish bo‘yicha anglashinuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra Sanoat boshqaruvi - innovatsiya va biznesni rivojlantirish dasturida talabalar ikkinchi semestrni Germaniyada davom ettiradi.

Uchrashuvlar doirasida Ingolshtadt amaliy fanlar universiteti bilan ham anglashinuv memorandumi imzolandi.

Unga ko‘ra, "Yangi O‘zbekiston" universiteti talabalari Ingolshtadt amaliy fanlar universitetining yaqin hamkori hisoblanuvchi Audi va BMW kabi korxonalarida amaliyot o‘tashlari mumkin.

Vazir Hilola Umarova tashrif davomida Bavariya Parlamentining Ilm-fan va Madaniyat ishlari bo‘yicha qo‘mitasi boshlig‘i Robert Brannekemper bilan uchrashdi. Qizg‘in ruhda o‘tkazilgan muzokaralarda hozirgi kunda Bavariya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar, taʼlim va madaniyat sohalarida qo‘shma loyihalarni birgalikda tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Germaniyaning Drezden texnika universiteti, Drezden amaliy fanlar universiteti, Frayberg texnika universiteti, Nyurenberg universiteti bilan ham keng ko‘lamli hamkorlik masalalari muhokama etildi. Jumladan, "Yangi O‘zbekiston" universiteti hamda mazkur oliygohlarning kelgusidagi taʼlimga doir hamkorlik rejalari ko‘rib chiqildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu