Sayt test rejimida ishlamoqda

Menejerlik o‘quv kurslarining dastlabki mashg‘ulotlariga start berildi

1-fevral 2024-yil
image

Avval xabar qilinganidek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan joriy yildan boshlab umumta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bugun mazkur o‘quv jarayonlari va dars mashg‘ulotlarini boshlashga doir tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rektori Abduvali Ismailov, vazirlik mutasaddilari, o‘quv jarayonlariga jalb etilgan nomzodlar va trenerlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan vazir Hilola Umarova ushbu o‘quv dasturlarining ahamiyati, uning soha rivoji hamda maktablar faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga maktab direktorligiga nomzod tinglovchilarga ta’lim muassasalarida ijobiy muhitni shaklllantirish, ota-onalar va boshqa jamoatchilik vakillari bilan ishlash, ta’lim jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi o‘z tavsiyalarini ulashdi.

Ma’lumot uchun aytib o‘tish lozimki, mazkur o‘quv kurslarining dastlabki bosqichi tajriba-sinov tariqasida 2023-yilning 5-27-iyun kunlari Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida o‘tkazildi hamda belgilangan o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli tugatgan 50 nafar bitiruvchilarga menejerlik sertifikati berildi.

Joriy yilning 17-19-yanvar kunlari menejerlik o‘quv kurslarida dars mashg‘ulotlarini olib boradigan trenerlar uchun seminar treninglar ham tashkil etildi.

2024-yil 1-fevraldan poytaxtimizda joylashgan Toshkent xalqaro universiteti o‘quv binosida umumta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlaydigan menejerlik o‘quv kurslariga start berildi.

Mazkur kurslar davomida nomzodlar ta’lim menejmenti, ta’lim muassasasini rivojlantirish va o‘quv-tarbiya jarayonini boshqarish, o‘zini-o‘zi va o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish, inson resurslarini boshqarish, ish yuritish va hisobot, jamoatchilik va ota-onalar bilan o‘zaro munosabat/hamkorlik modullari asosida o‘qitiladi.

O‘quv kurslari ishlab chiqarishdan ajralgan holda bir oy (jami 144 soatdan iborat) davom etadi. Darslar oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot muassasalari, shuningdek, xususiy va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu