Sayt test rejimida ishlamoqda

XALQ TAʼLIMI VAZIRI SERGELI VA YANGI HAYOT TUMANLARIDAGI MAKTABLAR FAOLIYATINI O‘RGANDI. O‘RGANISH NATIJASIDA ULARDAGI SHAROITLARNI YAXSHILASH BO‘YICHA YO‘L XARITASI ISHLAB CHIQILADI

15-aprel 2022-yil
image

Avval xabar qilinganidek, ishchi guruhlar tomonidan Toshkent shahridagi umumtaʼlim maktablari faoliyati o‘rganilmoqda. Bugun Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi ishchi guruh Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi maktablar bilan tanishdi. Xususan, taʼlim darajasi past va pedagoglarning kasbiy salohiyati yetarli bo‘lmagan Sergeli tumanidagi 76-maktabda bo‘lib, mavjud muammolari o‘rganildi.

photo2022-04-1522-33-34.jpg

Bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan muloqot qilinib, ularning kelgusi rejalari, bo‘lajak kasblari bilan qiziqdi. Dars jarayonlarida qatnashib, 6-7-sinf o‘quvchilarining turli fanlardan bilimi va o‘zlashtirish holati savol-javoblar orqali tahlil qilindi. O‘quvchilarga barcha fanlarni yaxshi o‘zlashtirish, chuqurroq bilim olish, ko‘proq kitob o‘qish zarurligi taʼkidlandi.

Mazkur maktab binosi bugungi kunda taʼmirtalab holatga kelib qolganligi bois joriy yilda o‘quvchilarga yangi bino qurish rejalashtirildi.

photo2022-04-1522-33-35.jpg

Tumandagi 352-maktabda pedagoglar bilan muloqot qilinib, ularning taʼlim jarayonlarini yaxshilash yuzasidan takliflari tinglandi. Xususan, pedagoglar tomonidan o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ishlab chiqarish korxonalariga sayohatlar uyushtirish, iqtidorli o‘quvchilar faoliyatini alohida yoritib borish, ularning har tomonlama rag‘batlantirish borasidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

O‘z navbatida pedagoglarga bolalarga chuqurroq bilim berish zarurligi, o‘z fani bo‘yicha kasbiy mahoratini oshirish, maktabda maʼnaviy muhitni yana-da sog‘lomlashtirish, o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida ko‘rsatmalar berildi.

photo2022-04-1522-33-38.jpg

Shuningdek, Yangihayot tumanidagi 2-va 285-maktablarda bo‘lib, maktab jamoasi bilan suhbatda asosiy eʼtiborni o‘qituvchilarning yangi metodikalar asosida o‘qishlari, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganishlari, biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti) bilan hamkorlikda pedagoglarning kasbiy mahoratlarini oshirishlari yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Yangihayot tumanida o‘ziga xos tajriba sifatida yaratilgan “brend” (logotip)ni boshqa tumanlarda ham joriy etish zarurligi, tumandagi taʼlim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarning pedagoglarini ushbu maktablarga yuborib, ularning amaliy tajribalarini o‘rganish zarurligi taʼkidlandi. 

Shuningdek, suhbat davomida pedagoglarga Davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan selektordan kelib chiqib, mamlakatimiz kelajagi uchun maktab va pedagoglar masʼul ekanligi, maktabdagi ijobiy o‘zgarishlar maktab rahbariga bog‘liq ekanligi tushuntirildi. 

photo2022-04-1522-43-05.jpg

Maktablar faoliyatini o‘rganish yakunlari bo‘yicha har bir maktab kesimida “maktabbay” taʼlim mazmunini hamda yangi metodikalar asosida o‘qitish va o‘quvchilarga sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu