Sayt test rejimida ishlamoqda

Qishki taʼtil davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi

10-yanvar 2024-yil
image

Bugun maktab o‘quvchilari uchun qishki taʼtilning oxirgi kuni. Ertaga 11-yanvardan maktablarda III chorak darslari boshlanadi.

Xo‘sh, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi taʼlim tashkilotlarida qishki taʼtil davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?

Taʼtilni mazmunli o‘tkazish bo‘yicha vazirlik tomonidan  berilgan tavsiyalarga asosan “Barkamol avlod” bolalar maktabi va “Bolalar kutubxona”lari to‘liq faoliyat olib bordi.

O‘quvchilarning qiziqishiga ko‘ra 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabida tasviriy sanʼat, milliy va jahon raqslari, estrada-vokal, kubik-rubik, kompyuter dizayn va grafikasi, shaxmat va shashka, stol tennisi, mayda plastik, munchoqli bezak, to‘qish, mental arifmetika, rus va ingliz tili kabi 2450 ta bepul to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yildi hamda ularga 73 mingdan ortiq o‘quvchi qamrab olindi.

“Eng yaxshi kitobxon maktab”, “Kitob bilan bir kun”, “Zukko kitobxon” tanlovi, “Quvnoq startlar”, “Umid nihollari”, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining maktab bosqichi, “Zakovat”, “Rokirovka” intellektual o‘yinlariga 342 ming nafar o‘quvchi jalb etildi.

Maktablarda o‘quvchilarning xohishlariga asosan fan va sport to‘garaklari ish olib bordi.

Bundan tashqari, ota-onalarni jalb qilgan holda o‘quvchilarni, ayniqsa, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari xavfsizligi taʼminlangan holda teatr, muzey va tarixiy obidalarga sayohatlar tashkil etildi. Tuman (shahar) markazlarida, sayilgohlarda, markaziy ko‘chalarda mahalliy hokimliklar tomonidan tashkil etilgan markazlashgan archa bayramlariga ota-ona yoki sinf rahbarlari kuzatuvida tashrif buyurdi. Bu kabi madaniy hordiq sayohatlariga 1,4 mln.dan ortiq o‘quvchi bordi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu