Sayt test rejimida ishlamoqda

“Maktab o‘qituvchilarining malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarini diagnostikadan o‘tkazish jarayonlari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

1-dekabr 2023-yil
image

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Maktab o‘qituvchilarining malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarini diagnostikadan o‘tkazish jarayonlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, vazirlik tizimidagi Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-yanvardagi PQ-4963-son qarorida o‘qituvchilar malakasini tabaqalashtirilgan holda oshirish tizimini joriy etishga doir berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida vazirlik tomonidan qator ishlar olib borilmoqda.

Xususan, 2024-yil yanvar oyidan boshlab maktab o‘qituvchilarining malakasini tabaqalashtirilgan holda oshirish tizimi joriy etilmoqda. Ushbu tizimni amalga oshirishni sifatli tashkil etish va munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida joriy yilning 4-15-dekabr kunlari maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholovchi testlar vositasida diagnostikadan o‘tkazilmoqda.

Vazirlik tizimidagi Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti hamda Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur jarayonlarda respublikadagi barcha umumta’lim maktablari qamrab olinadi.

Dastlab joriy yilning 1-dekabriga qadar maktab o‘qituvchilari “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazildi. O‘qituvchilarning diagnostika testini topshirishlari bo‘yicha videoyo‘riqnoma tayyorlanib, barcha umumta’lim maktablariga yetkazildi hamda maktab o‘qituvchilarining bilim va ko‘nikmalarini baholovchi testlar bazasi shakllantirildi.

Qayd etilganidek, joriy yilning 4-dekabridan 15-dekabriga qadar  “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi orqali maktab o‘qituvchilari diagnostikadan o‘tkaziladi.

Diagnostika jarayoni test sinovi shaklida “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platforma orqali tashkil etiladi.  Testlar tegishli fan va uni o‘qitish metodikasiga doir savollardan shakllantiriladi. Maktab o‘qituvchilari diagnostika testlarini o‘zlari dars beradigan asosiy fan bo‘yicha topshiradilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan o‘qituvchilarning diagnostika jarayonlarida o‘z ish joyidan onlayn ishtiroki etishi ta’minlanadi.

Test sinovi jarayonida uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok eta olmagan maktab o‘qituvchilari vazirlik ruxsati bilan alohida grafik asosida diagnostikadan o‘tkaziladi.

Ma’lumot  uchun: diagnostika natijalarining tahlili asosida o‘qituvchilar kasbiy ehtiyojlariga ko‘ra tegishli guruhlarga ajratiladi va 2024-yilda maktab o‘qituvchilari va rahbarlarining malakasini oshirish rejasi tasdiqlanadi hamda kasbiy rivojlantirishning tabaqalashgan o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqiladi.

Matbuot anjumanida joriy o‘quv yilidan tajriba sinov tariqasida umumta’lim maktablarida joriy etilayotgan bilimni baholashning yangi tartibi bo‘yicha ham atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.

Unga ko‘ra, 2023-2024-o‘quv yilida respublika miqyosida 500 ta umumta’lim maktablarida bilimni baholashning yangi tartibi — o‘quvchilar bilimini formativ va summativ baholash tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilgan.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 34 ta, Andijon viloyatidagi 32 ta, Buxoro viloyatidagi 28 ta, Farg‘ona viloyatidagi 36 ta, Jizzax viloyatidagi 25 ta, Namangan viloyatidagi 28 ta, Navoiy viloyatidagi 20 ta, Qashqadaryo viloyatidagi 33 ta, Samarqand viloyatidagi 68 ta, Sirdaryo viloyatidagi 22 ta, Surxondaryo viloyatidagi 30 ta, Toshkent shahridagi 87 ta, Toshkent viloyatidagi 28 ta, Xorazm viloyatidagi 29 ta umumta’lim maktablarida formativ va summativ baholash tizimi tajriba-sinov tariqasida o‘tkazilmoqda.

Mazkur umumta’lim maktablarida 5-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida 2023-2024-o‘quv yilining I chorak yakuni bo‘yicha choraklik summativ baholash (CHSB) jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Unda o‘quvchilar ona tili, matematika, biologiya, kimyo fanlaridan CHSB sinovlarini topshirishdi.

Tadbir so‘nggida jurnalistlar tomonidan mavzuga oid savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib o‘tildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu