Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘SMIR YOSHIDAGI FARZANDINGIZNI “YO‘QOTIB QO‘YMASLIK” UCHUN ULAR BILAN DO‘ST BO‘LING!

7-aprel 2022-yil
image

O‘smirlik – bu bolalar va ota-onalar o‘rtasidagi munosabatlar uchun jiddiy sinov davridir. Ushbu davrdan o‘tish mushkul, chunki yo‘qotishlar bo‘lishi mumkin. Ammo bu jarayon qiziqarli va o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.

Ota-onalarga o‘smir yoshidagi farzandlarini tarbiyalash uchun muhim tavsiyalar:

✅ Farzandingiz bilan doimiy muloqotda bo‘ling. O‘smirlik - murakkab davr bo‘lgani uchun bola bilan doimiy muloqot qilish muhim hisoblanadi.

✅ Boladan uning qiziqishlari, muammolari haqida so‘rang va suhbatlashing. Farzandingiz fikri, orzu va maqsadlarini qo‘llab-quvvatlang.

✅ Ishdan uyga qaytganingizda, bola noto‘g‘ri ish qilgan bo‘lsa ham, uni koyimang. Avval bu nojo‘ya ishning sababini so‘rang. Farzandingiz kun davomida nima ishlar qilganiga qiziqing. Suhbatlashgandan so‘ng to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, do‘stona nasihat qilish yaxshi samara beradi.

✅ O‘smirlar tarbiyasida turli cheklovlar, do‘q-po‘pisalar samarasiz bo‘lib va farzandingiz uchun xavfli ekanligini unutmang. Haddan tashqari ko‘p taqiq va bola erkinligini cheklash o‘smirning agressiv bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi. O‘smirlik davrida ota-ona farzandi bilan ko‘proq muzokara olib borsa, ijobiy natijaga erishiladi. Taqiqlash zarur bo‘lsa, taqiqning sababini tushuntirishga alohida vaqt ajrating. Agar bola norozilik bildirishni davom etsa, u holda sizga ham, unga ham mos keladigan yechim topishga harakat qiling.

✅ Bolaga uning hayotidagi istiqbollar va kelajak haqida gapiring. Farzandingiz nimani xohlashini, o‘z maqsadiga qanday erishmoqchi ekanligini bilib oling, unga aniq va real harakat rejasini ishlab chiqishga yordam bering.

✅ Farzandingiz bilan jiddiy mavzularda suhbatlashing: hayot nima? Hayotning maʼnosi nima? Do‘stlik, sevgi, o‘lim, xiyonat nima? Bu mavzular o‘smirlarni ko‘proq o‘ylantiradi. Hayotda nima muhim ekanligini tushunish uchun javob izlaydi. Siz uchun qimmatli narsalar va tuyg‘ular haqida gapirib bering. O‘z tajribangizni, o‘z fikrlaringizni baham ko‘rishdan erinmang. Aksar hollarda bolaga “maʼruza” o‘qishdan va nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanligi haqidagi nasihatdan ko‘ra, dildan qilingan suhbat afzalroqdir. Agar siz o‘smir bilan qiyin mavzularda suhbatlashishdan qochsangiz, u javoblarni boshqa tomondan - masalan, internetda qidirishda davom etadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlar nafaqat ishonchsiz, balki xavfli bo‘lib chiqishi ham mumkin.

✅ Bola hayot go‘zal, yashash baxt ekanligini tushunishi uchun qo‘lingizdan kelgan hamma narsani qiling. Bolani hayotda oddiy narsalardan misol uchun tabiat, odamlar bilan muloqot, dunyoni o‘rganishdan zavqlanishga o‘rgatish muhim. Hayotga muhabbat uyg‘otishda o‘zingiz namuna bo‘ling. Sizning hayotga ijobiy munosabatingiz, albatta, bolaga o‘tadi va unda yuzaga keladigan qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi.

✅ Bolaga muvaffaqiyatsizlik, undan chiqish yo‘llari haqida ham tushuncha bering. Muayyan qiyinchiliklarni qanday yengish kerakligi haqida tez-tez suhbatlashing. Insonlar tajribasidan muvaffaqiyatsizlik haqida va o‘ziga ishonchni oshirish haqida hayotiy misollar keltiring.

✅ Farzandingizga mehr-muhabbat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, uning qo‘polligi ortida nima borligini aniqlang. Sizning mehr, eʼtiboringiz, g‘amxo‘rligingiz, qo‘llab-quvvatlashingiz bola uchun juda muhimdir.

✅ Bolaga erkinlik berishda eʼtiborli bo‘ling. O‘smir hali bunga tayyor bo‘lmasligi mumkin. Shu bois bu jarayonni asta-sekinlik bilan amalga oshiring. Unga mustaqillik berishdan avval nima mumkinu nima mumkin emasligini yaxshilab o‘rgating.

✅ Agar ayrim sabablarga ko‘ra bola bilan til topisha olmasangiz o‘z vaqtida mutaxassis bilan maslahatlashing. Psixolog bilan individual ravishda birga ish olib boring. Shundagina bolangiz bilan munosabatlaringizda iliqlik, ishonch va hamjihatlikni tiklashga ko‘mak beradigan zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lasiz.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu