Sayt test rejimida ishlamoqda

Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga jo‘nab ketayotgan o‘quvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

21-noyabr 2023-yil
image

“So‘nggi yillarda mamlakatimizning olis hududlaridagi maktablar o‘quvchilari ham xorijiy tillar bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlovlarda yaxshi natijalar ko‘rsatib kelmoqda. Bunday yoshlarimiz bilan har qancha faxrlansak, ularni rag‘batlantirib borsak, albatta, arziydi.

Xorijiy tillar bo‘yicha o‘tkazilgan Respublika tanlovida yuqori natijalarga erishgan ana shunday 70 nafar o‘quvchi hamda ularning 14 nafar ustozlarini bu yil davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga yuboramiz. Bu tashabbusni har yili davom ettiramiz.”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 30-iyunda

yurtimizning bir guruh yoshlari bilan uchrashuvidagi nutqidan

*****

Bugun Toshkent shahrida joylashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda Vazirlar Mahkamasining  2021-yil 9-sentabrdagi 562-son qarori asosida joriy yilda Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab" tanlovi Respublika bosqichi g‘oliblari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova joriy yilda mazkur tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etgan umumta’lim maktablari o‘quvchilari va o‘qituvchilari bilan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, tanlovning tuman (shahar) bosqichida Respublika bo‘yicha 34 375 nafar o‘quvchi (6 885 ta maktab) ishtirok etgan bo‘lib, ularning 32 505 nafari ingliz tilidan, 1 015 nafari nemis, 905 nafari fransuz tili yo‘nalishlariga tegishli.

Tanlovning birinchi bosqichi yakuniga ko‘ra, Respublika bo‘yicha 208 ta tuman va shahar maktablari tanlovning ikkinchi (viloyat) bosqichiga tavsiya etildi. Ular orasida 207 ta maktab ingliz tili va 1 ta maktab fransuz tilidan ishtirok etdi.

Bellashuvlardagi xorijiy tilni bilish darajasini aniqlashga qaratilgan topshiriqlar umumta’lim maktablarining 7-9 sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, savollarning qiyinlik darajasi osondan qiyinga tomon ta’lim tomoyillariga asoslandi. Test topshiriqlari ishtirokchilarning muloqot ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich rivojlantirishga xizmat qildi.

Tanlovning 2023-yil 14-18-avgust kunlari o‘tkazilgan Respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahridan 1 tadan maktab, jami 14 ta maktab va 70 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

Ushbu bosqichda Buyuk Britaniyaning “Cambridge Assessment English” tashkilotiga tegishli bo‘lgan “Linguaskill” xalqaro testi vositasida ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (sreaking) va o‘qish (reading) ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.

Respublika bosqichida ishtirok etgan 70 nafar o‘quvchi va 14 nafar o‘qituvchi joriy yilning 21-28-noyabr kunlari Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga jo‘nab ketishadi. Mazkur sayohatlar davomida o‘quvchilar Angliya ta’lim jarayonlari, jumladan, “Ardmor” til o‘qitish maktabi, Kembrij, Oksford universitetlari faoliyati bilan yaqindan tanishadi, Kembrij, London, Vinzor, Oksford shaharlari, Temza daryosi bo‘ylab sayohat qilishadi.

Ingliz tengdoshlari bilan o‘tkaziladigan turli uchrashuvlar, Buyuk Britaniya madaniyati va tarixi bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etadi.

Samimiy ruhda kechgan muloqot so‘nggida sayohatga jo‘nab ketayotgan o‘quvchilarga oq yo‘l tilandi.

Ma’lumot uchun: “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining Respublika bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra:

Namangan viloyati, Namangan shahridagi 7-maktab jamoasi 1-o‘rinni;

Toshkent shahri, Yashnobod tumanidagi 145-maktab jamoasi 2-o‘rinni;

Buxoro viloyati, Buxoro tumanidagi 1-maktab jamoasi 3-o‘rinni egallashgan.

Tanlov Respublika bosqichi g‘oliblari:

1-o‘rin – 500 million so‘m;

2-o‘rin – 400 million so‘m;

3-o‘rin – 300 million so‘m bilan taqdirlangan.

Tanlovning “The Best Listener” yo‘nalishida Esfir Nikonorova (Toshkent viloyati Olmaliq shahar 5-maktab), “The Best Reader” yo‘nalishida Samira Najmiddinova (Buxoro viloyati, Buxoro tuman 1-IDUM), “The Best Writer” yo‘nalishida Shahriyor Sulaymonov (Buxoro viloyati, Buxoro tuman 1-IDUM), “The Best Sreaker” yo‘nalishida Aminaxon Kurbonova (Samarqand viloyati, Samarqand tumani 10-maktab) hamda “The Best of The Best” naminatsiyasida Mohinur Raximova (Toshkent shahar, Yashnobod tumani 145-maktab) va Yasmina Muhiddinova (Buxoro viloyati, Buxoro tuman 1-IDUM) lar egallashdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu