Sayt test rejimida ishlamoqda

"Men ham o‘lib qolamanmi, ustoz?” 

20-noyabr 2023-yil
image

O‘quvchilarning mana shunday og‘riqli savollariga javob topib kelayotgan ustozlar Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiya markazining Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi “Mehrli maktab”ida faoliyat olib boradi. 

Gematologiya va onkologiya kasalligi bilan davolanayotgan bolalar uchun taʼlim jarayonini tashkil etishga yo‘naltirilgan «Mehrli maktab»da bugungi kunda maktab yoshidagi 50 nafar hamda maktabgacha taʼlimga qamrab olingan 82 nafar bola taʼlim-tarbiya olmoqda.

Bu yerda faoliyat yuritadigan pedagoglar nafaqat o‘z fanlari bo‘yicha bilimga ega bo‘lishi balki bunga qo‘shimcha ravishda yuksak insoniylik jihatlarni ham birlashtirgan bo‘lishi lozim. Ulardan nafaqat bilim berish, balki moslashuvchan bo‘lish, dasturni bolaning ahvoliga, uning qiziqishiga, u boshdan kechirayotgan kasallikning og‘irligiga, qabul qilayotgan muolaja natijasida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan  nuqsonlarga, bundan tashqari o‘quvchilarning hissiy holatiga moslashuvchan bo‘lishi kerak.

Bu yerdagi muhit oddiy maktabdagi kabi emas. Albatta, muayyan holatlarga standart yechimlar mavjud, ammo bu faqatgina yo‘nalishlar xolos. Aslida bu yerdagi pedagoglar har bir bola uchun individual yondashadi. 

Bugun “Mehrli maktab”da 30 nafar pedagog faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, bugungi kunda maktabning Andijon, Farg‘ona viloyatlari hamda Nukus shahrida filiallari ham tashkil etilgan.

Bu yerda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlardan alohida matonat talab qilinadi va bu missiyani bizning o‘qituvchilar sharaf bilan ado etmoqda. Gospital taʼlimning o‘ziga xosliklari haqida “Mehrli maktab”ning fidoyi, jonkuyar va mehribon ustozi Dildora Tursunova so‘zlab berdi:

“Ishga ilk kelgan davrlarimda bu xastalikka chalingan bolalar haqida ko‘p maʼlumotga ega bo‘lmaganman. Keyinchalik bu dard haqda ko‘p maʼlumotlar topib o‘rgandik. Tushkunlikka tushgan bolalarni holatdan chiqarib olish yo‘llarini izlashga harakat qilamiz. 

Birinchi navbatda, bu yerga davo istab kelgan ota-onalar bilan ishlaymiz, bolalarni maktab va bog‘chalarga jalb qilishga harakat qilamiz. Sababi, kun bo‘yi dard bilan kurashayotgan bola bu yerga kelsa dardini unutadi. 

Darsga qatnashish ko‘ngliga sig‘maydigan ota-onalar va bolalar ham bor. Ularga "Bir marta darsda qatnashib ko‘rgin" deb motivatsiya beramiz. Ota-onalar bilan qilingan suhbatlardan so‘ng kayfiyatsiz yurgan, hech kim bilan gaplashishni istamay tushkunlikka tushib qolgan ota-onalar ham kulib gaplashishni boshlashadi. Ko‘ngli ko‘tariladi. Qalbida umid uyg‘onadi, kasalini unutadi. Bu esa tabiiyki, bolalarning sog‘ayishiga ijobiy taʼsir o‘tkazadi.

2016-yildan beri taʼlim sohasida ishlayman. Birinchi ish joyim “Mehribonlik uyi bo‘lgan, bugun esa “Mehrli maktab”da faoliyat olib boryapman. Lekin hamma joyning o‘z tosh-tarozisi bor. Har bir o‘quvchimni o‘z farzandimday yaxshi ko‘raman, ularning dard chekayotganiga qarab ichimdan nima o‘tmasin ularga buni sezdirmaslik bu bizning asosiy missiyamiz, deb hisoblayman.  

Kimyoviy muolajalar bolalarning xotirasiga, darsni o‘zlashtirishiga taʼsir qiladi. O‘rgatganlarimiz ertasi kun esidan chiqib qolishi mumkin. Takrorlash orqali mustahkamlab boramiz. 

Bir kun bir o‘quvchimizning palatadosh do‘sti vafot etdi. Ertasi kuni o‘quvchim kelib “Ustoz, men ham bir kun o‘lamanmi?” deb so‘raganida judayam qiyin ahvolga tushdim. Bunday holatlar inson sifatida sizni qanchalik larzaga solmasin, o‘zingizni kuchli ko‘rsatib, tushkunlikka tushganingizni sezdirishga HAQQINGIZ yo‘q. O‘quvchimga shifokorlar aytgan barcha muolajalarni o‘z vaqtida olib, yaxshi ovqatlansa, albatta, davo topishini aytib, har qanday holatda ham o‘zimizni xursand qilib ko‘rsatishga harakat qilaman. Agar hissiyotlarimizni bolalarga ko‘rsatib qo‘ysak, ularda tushkunlik holati paydo bo‘ladi.

Turmush o‘rtog‘im ham pedagog-psixolog, doimiy meni qo‘llab-quvvatlaydi, turli vaziyatlarda qanday yo‘l tutish borasida o‘z maslahatlarini beradi. O‘z kasbimni juda sevaman. Har kun ishga go‘yo o‘z oilamga, farzandlarim oldiga shoshganday kelaman. Rahbarimiz bizni har qanday holatda qo‘llab-quvvatlashlari, darsga kiritayotgan yangiliklarimizni eʼtirof etgan holda kutib olishlari  ishlashga bo‘lgan ishtiyoqimizni yana-da oshiradi.”

Dildora Tursunova gospital - pedagogik taʼlim metodologiyasini yaratish va ushbu yo‘nalishda doktorlik dissertatsiyasini yoqlashni maqsad qilib qo‘ygan. U ushbu sohadagi bilimlarni oshirish, tajribalarni ommalashtirish juda muhim, deb hisoblaydi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu