Sayt test rejimida ishlamoqda

9-sinf o‘quvchisi odamlarni is gazidan saqlab qoladigan ixtiro yaratdi

17-noyabr 2023-yil
image

3 yildan beri “Barkamol avlod” bolalar maktabining robototexnika to‘garagiga qatnaydigan Ozodbek Hoshimov odamlarni is gazidan saqlab qoladigan ixtiro yaratdi.

Ozodbek Hoshimov Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Robototexnika” to‘garagi aʼzosi. U Zangiota tumanidagi 6-maktabning 9-sinf o‘quvchisi.

Ozodbek gaz, olov va tutun yuzaga kelganda xavf haqida tegishli xizmatlarga ogohlantirish SMS xabarnomasini yuboruvchi qurilma ixtiro qildi.

Bunday g‘oya qanday yuzaga keldi degan savolga Ozodbek quyidagicha javob berdi:

“Qish mavsumi edi. Odamlar is gazidan vafot etdi degan mashʼum xabarlarni OAV orqali o‘qib, eshitganimda, buning oldini olish kerak degan o‘y keldi va buning ortidan mana shu ixtironi yaratish g‘oyasi tug‘ildi. Agar ushbu ixtiro tegishli xizmatlar bilan integratsiya qilinsa, albatta bunday baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga ishonaman”

Qurilma yong‘in xavfi yuzaga kelganda, uy egalarini ogohlantirish bilan birga o‘t o‘chiruvchilarga xavf yuzaga kelgan joydan geolokatsiya yuborib, SMS xabarnoma tashlaydi. Ayni damda Ozodbekning ixtirosini patentlash jarayoni kechmoqda.

Ozodbekka ushbu ixtironi yaratishda to‘garak rahbari Kamoliddin Abduqahhorov boshchilik qilgan. 22 yoshda bo‘lgan ustoz 2019-yildan buyon Shayxontohur tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabida to‘garakka rahbarlik qiladi.

U rahbarlik qilayotgan to‘garak aʼzolari Respublika hamda Xalqaro miqyosda bo‘lib o‘tgan ko‘plab tanlovlar g‘olibi bo‘lgan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu