Sayt test rejimida ishlamoqda

6479 ta maktab va 4031 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining issiqlik ta’minoti xususiy sektorlar ishtirokida modernizatsiya qilinadi

13-aprel 2023-yil
image

Yurtimizdagi ijtimoiy soha obyektlari infratuzilmasini har tomonlama modernizatsiya qilish, xususan, isitish tizimini yanada yaxshilash maqsadida ayni vaqtda davlatimiz tomonidan qator ishlar olib borilmoqda. Bu borada ta’lim muassasalari – maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarga katta ustuvorlik berilmoqda.

Joriy yilning 10-aprel kuni Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi qarorda bu borada kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar batafsil belgilab berilgan.

 

E’tiborlisi, qarorga muvofiq:

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 758 maktab, 447 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Andijon viloyatidagi 774 maktab, 533 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Qashqadaryo viloyatidagi 1 194 maktab, 417 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Namangan viloyatidagi 716 maktab, 603 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Farg‘ona viloyatidagi 1016 maktab, 909 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Buxoro viloyatidagi 228 maktab, 172 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Jizzax viloyatidagi 191 maktab, 70 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Navoiy viloyatidagi 104 maktab, 51 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Samarqand viloyatidagi 442 maktab, 273 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Surxondaryo viloyatidagi 296 maktab, 145 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Sirdaryo viloyatidagi 308 maktab, 198 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Toshkent viloyatidagi 318 maktab, 144 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Xorazm viloyatidagi 114 maktab, 69 maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

Toshkent shahridagi 20 maktab binolari, umumiy hisobda 6479 ta maktab va 4031 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining issiqlik ta’minoti tizimlari xususiy sektorlar ishtirokida modernizatsiya qilinadi.
 

Bunda mazkur ta’lim maskanlariga yurtimizda kamida bir yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan isitish qozonlari o‘rnatiladi. Buning natijasida isitish uchun me’yor bo‘yicha talab etiladigan ko‘mir va elektr energiyasi xarajatlarini kamida 20 foizga va issiqlik energiyasi yo‘qotishlarini 30 foizga kamayishiga erishiladi.

Aytib o‘tish lozimki, o‘tgan vaqt davomida Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidagi 69 ta ijtimoiy soha obyektlarida mazkur jarayonlar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirildi.

Yuqorida keltirib o‘tilgan ta’lim muassasalari 2023 — 2026-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkaziladi va bu orqali kuz-qish mavsumida maktab va bog‘chalarimizni issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashdagi muammolar butunlay bartaraf etiladi.

Mazkur jarayonlarning birinchi bosqichi Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi ta’lim maskanlarida olib boriladi. Shuningdek, joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarining barcha tuman (shahar)lari hamda boshqa hududlardagi belgilangan tuman (shahar)larda davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.

E’tiborlisi, ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida kuz-qish mavsumida ta’lim maskanlarimizning issiqlik harorati doimiy nazoratga olinadi va mo‘tadilligi ta’minlanadi.

Xususiy sektorlar tomonidan o‘rnatiladigan isitish qozonlarining doimiy ishlashi va sifatini nazorat qilish maqsadida tegishli davlat organlari va mahalliy hokimliklar vakillaridan iborat Ishchi guruh a’zolari doimiy ish olib boradi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu