Sayt test rejimida ishlamoqda

Ma'ruzalar

.

Xalq taʼlimi vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi l.rustamovaning brifing maʼruzasi

27-noyabr 2021-yil
image

Mavzu: Oʻzbekistonda maktab yetishmovchiligi masalasi qanday hal etilyapti?

Assalomu alaykum! Hurmatli teletomoshabinlar. Sizlar bilan bugungi brifing orqali koʻrishib turganimdan juda hursandman. Bugungi brifing orqali soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab boʻlayotgan — Oʻzbekistonda maktab yetishmovchiligi mavzusiga toʻxtalib oʻtamiz. Bugungi kunda ushbu masalani hal etish uchun davlatimiz tomonidan qanday ishlar olib borilmoqda?

Bugungi kunda maktab masalasi davlatimiz siyosatining diqqat markazidagi turgan eng muhim masalalardan biri ekanligi hech kimga sir emas.

Xabaringiz bor Davlatimiz rahbari oʻz saylov oldi dasturida taʼlim sohasida amalga oshiriladigan ishlarni eng muhim ishlar sirasiga kiritar ekan, kelgusi yillarda eng katta harakat – maktab, maktab, yana bir marta maktab boʻlishini, maktab rivojlansa, hamma soha boʻyicha rivojlanish boʻlishi hamda kelgusi besh yilda qoʻshimcha 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratish uchun, maktablar rekonstruksiya qilinib, yangidan barpo etilishini qayd etgan edi.

Aytish joizki, 2018-2021-yillar davomida yurtimizda olib borilgan maktablarning moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasini yaxshilash borasida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida maktablarida qoʻshimcha yangi 474,5 ming oʻquvchi oʻrinlari yaratildi. Shundan 58,7 ming oʻquvchi oʻrni yangidan barpo etilgan 156 ta maktabda hamda navbatlilik koeffitsenti yuqori boʻlgan mavjud 1511 ta umumtaʼlim maktablariga qoʻshimcha oʻquv binolari barpo etilishi natijasida 371,4 ming oʻquvchi oʻrni yaratilishiga erishildi. Yuqorida tilgan olingan qariyb yarim million oʻquvchi oʻrnini yaratishga davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 5 trln.soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan. Bundan tashqari maktablar 11 yillik taʼlim tizimiga oʻtishi munosabati bilan boʻshab qolgan 383 ta kasb-hunar kollejlari maktablarga aylantirilishi hisobidan 221 ming qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratildi. Ushbu yangi oʻquv oʻrinlarining yaratilishi navbatlilik koeffitsenti oshib ketgan maktablardagi holatni meʼyor darajasiga olib tushishga va taʼlim olishga munosib shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilgan.

Shu oʻrinda Hukumat tomonidan tasdiqlangan tegishli hujjatga koʻra, 2022-yilda Respublika boʻyicha jami 306 ta umumtaʼlim maktablarida, shundan 15 176 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan 37 ta maktablarni yangidan qurish, 71 819 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan 180 ta maktabni rekonstruksiya qilish va mavjud 89 tasini mukammal taʼmirlanishi belgilangan edi.

Hukumatning tegishli topshirigʻiga koʻra, hududlardagi holatni manzilli oʻrganish maqsadida turli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Ishchi guruhlar tashkil etilib va ular tomonidan bugungi kunda Respublikaning barcha hududlarda mavjud talablar oʻrganilmoqda.

Oʻz oʻrnida xalq taʼlimi vaziri rahbarligida xam hududlarga chiqqan holda eng avvalo yangi barpo etilayotgan uy-joy massivlari hududida yangi maktab binolarini barpo etish, quvvatiga nisbatan oʻquvchilar soni keskin oshib ketishi kutilayotgan maktablarga qoʻshimcha oʻquv binolarini qurish hamda taʼmirtalab maktablarni taʼmirlash boʻyicha 2022-2026-yillarga moʻljallangan manzilli dasturni shakillantirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan kuni kecha Xalq taʼlimi vaziri tomonidan Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridagi maktablardagi mavjud holat oʻrganildi. Xususan Qarshi, Koson, Kasbi tumanlari va Qarshi shahridagi maktablar hamda Qamashi tumanidagi 4-sonli Mehribonlik uyi, Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Bulungʻur va Jomboy tumani maktablaridagi mavjud holatlarni oʻrganish natijasida kelgusi 5 yilgi Investitsiya dasturi manzilli roʻyhatlariga kiritildi.

Misol uchun, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tanqid ostiga olingan Qarshi tumanidagi 68-umumtaʼlim maktabiga qoʻshimcha 330 oʻrinli oʻquv binosini qurish kelgusi yilgi Investitsiya dasturiga kiritildi.

Bugungi kunda respublikada 5 mln.dan ortiq oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan 10 130 ta maktablarda 6 mln. 246 mingdan ortiq oʻquvchilar taʼlim olmoqda.

Vazirlik prognozlarga koʻra kelgusi 5 yillikda maktab oʻquvchilarining kutilayotgan soni 7,5 mlnga yetishi kutilmoqda.

Maktablardagi oʻquvchi quvvati yetishmasligi oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammoni oldini olish maqsadida eng avvalo, kelgusi besh yillikda hududlarda yangi barpo etiladigan uy-joy massivlarida yangi maktablar qurilishini, quvvatiga nisbatan oʻquvchilar soni koʻpayib ketgan va kelgusida oʻquvchilar soni keskin oʻsishi kutilayotgan maktablarga qoʻshimcha oʻquv binolarini qurishni (hududdagi maktab yoshidagi bolalar sonini demografik oʻsishini hisobga olgan holda), shuningdek, maktab filiallarini toʻlaqonli maktablarga aylantirish ishlarini jadallashtirishni talab etadi.

Ishchi guruhlar tomonidan oʻrganishlar yakuni boʻyicha shakllantirilgan dastlabki 2022-2026-yillarga moʻljallangan umumtaʼlim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, bunda oʻquv binosi qurishda zarur boʻlgan 1,2 mln. oʻquvchi oʻrnini ham inobatga olish hamda mavjud maktablarni mukammal taʼmirlash boʻyicha manzilli dasturlar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan umumlashtirilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Hurmatli ota-onalar, ustoz va murabbiylar hamda taʼlim tizimiga befarq boʻlmagan jamoatchilik vakillari!

Ayni kunlarda Xalq taʼlimi tizimini istiqbolli rivojlantirish boʻyicha kelgusi 5 yillik uchun Milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Agar sizda yuqorida tilga olingan mavzu yohud oʻqituvchi nufuzi, taʼlim sifatini, oʻquvchilarning taʼlimga boʻlgan ishtiyoqini oshirish yohud xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish yuzasidan aniq va asosli taklif -mulohazalaringiz boʻlsa Xalq taʼlimi vazirligining @Uzedu telegram kanaliga joylangan soʻrovnoma (https://docs.google.com/forms/d/e/1FAIpQLScQ9Yxx6jUOYxbRYbwNLWH-jtZyr3IPHna677m5MCtzkGLEmA/formResponse) orqali yozib yuborishingiz mumkin. Zero farzandlarimiz kelajagi uchun barchamiz masʼulmiz!

Shu bilan bugungi brifingimiz nihoyasiga yetdi. Eʼtiboringiz uchun rahmat, salomat boʻling.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu