Sayt test rejimida ishlamoqda

Ixtisoslashgan maktablar

.

Sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining vazifalari:

shaxsning aqliy, hissiy va jismoniy rivojlanishiga yordam beradigan shart-sharoitlar yaratish;

barkamol, jismonan va maʼnaviy sogʻlom shaxsni voyaga yetkazish, oʻquvchilarda madaniy-estetik qadriyatlarni, fuqarolik va vatanparvarlik hislarini shakllantirish;

davlat taʼlim standartlari asosida sifatli taʼlim olish, shu jumladan kasbga yoʻnaltirish, bolalarning individual qobiliyatlarini rivojlantirish, iqtidorli va qobiliyatli bolalarni taqdirlash va qoʻllab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

bolalarning psixofiziologik yosh xususiyati, moyilligi, qobiliyati, qiziqishi, hayoti va sogʻligʻi muhofazasi talablariga muvofiq ravishda reabilitatsiya hamda davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlarini oʻtkazishni taʼminlash.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari akkreditatsiyasi attestatsiya asosida, vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalarini tashkil etish tartibi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari muassislari boʻlishi mumkin.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan salomatligida nuqsonlari boʻlgan, davolanish, sogʻlomlashtirish va maxsus sharoitlarda taʼlim-tarbiya olishga muhtoj bolalar kontingentini birgalikda oʻrganib chiqish yakunlari boʻyicha tashkil etiladi.

Davolanish, sogʻlomlashtirish va maxsus sharoitlarda taʼlim-tarbiya olishga muhtoj bolalar kontingenti mavjud boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ekologik qulay sharoitlar mavjud joylarda ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi tashkil etish toʻgʻrisida asoslangan taklif bilan murojaat qiladi.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklif ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasini tashkil etish taklif etilayotgan hududda keyingi 5 yilda 3 yoshdan 16 yoshgacha bolalar oʻrtasida tegishli kasalliklarning koʻpayganligini koʻrsatadigan sogʻliqni saqlash organlarining rasmiy statistika maʼlumotlari bilan asoslangan boʻlishi kerak.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari, ularning ixtisoslashuviga muvofiq, quyidagi turlarga boʻlinadi:

skolioz bilan kasallangan bolalar uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlar;

sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklari xavfi boʻlgan guruh bolalari uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlar.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning eng koʻp soni 250 nafardan oshmasligi kerak.

Oʻquvchilarni ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga ularning turiga muvofiq holda:

I—IV daraja skolioz bilan kasallangan;

sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklariga chalingan, alohida shart-sharoitlarda davolash va sogʻlomlashtirishga muhtoj boʻlgan maktab yoshidagi bolalar qabul qilinadi.

Bolalarni ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasiga yuborish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tomonidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi huzurida tashkil etilgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya (keyingi oʻrinlarda psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya deb ataladi) xulosasiga koʻra, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasiga bolalar 7 yoshdan boshlab qabul qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasiga yoʻllangan har bir bolaga ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar (chin yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun — vasiylik va homiylik organlari) tomonidan shaxsiy hujjatlar yigʻmajildi rasmiylashtiriladi va taqdim etiladi.

Davolanish, sogʻlomlashtirish va taʼlim olishga muhtoj bolalar ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining 1—11— sinflariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi yoʻllanmalari asosida, psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga koʻra, shuningdek ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan qabul qilinadi.

Bolalarni qabul qilish oʻquv yili boshlangungacha amalga oshiriladi va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi direktorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasida bolalarning boʻlishi muddati tibbiy koʻrsatmalarga muvofiq va psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga koʻra, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan, lekin 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga belgilanadi.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasiga murakkab nuqsonli bolalar (rivojlanishida 2 ta va undan koʻp yetishmovchilik boʻlgan bolalar) qabul qilinmaydi.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga quyidagilar qabul qilinmaydi:

a) aqli zaif bolalar;

b) xulq-atvorida ogʻir buzilishlar, hissiy-irodaviy sohasida (organik) nuqsonlari boʻlgan bolalar;

v) yurak-qon tomiri kasalliklari bor bolalar;

g) tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan, mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan va oʻz-oʻziga xizmat koʻrsata olmaydigan bolalar;

d) koʻr-kar-soqov bolalar;

ye) tez-tez takrorlanadigan epileptik tutqanoqdan aziyat chekadigan (epileptik demensiya, kunduzgi va tungi vaqtlarda tutqanogʻi tez-tez takrorlanadigan) bolalar;

j) markaziy asab tizimiga shikast yetganligi tufayli siydik va najasini ushlab turolmaydigan bolalar.

(Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi direktori oʻquvchilarning qabul qilinishi uchun belgilangan tartibda shaxsan javob beradi)

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu