Sayt test rejimida ishlamoqda

Endilikda eksternat tartibida imtihon topshirishda ariza berish uchun maktabga borishning hojati yo‘q

10-fevral 2023-yil
image

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan soha faoliyatiga oid qator jarayonlarni raqamlashtirish orqali aholiga qulaylik yaratishda muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Natijada yurtdoshlarimiz maktablarga borish, turli ko‘rinishdagi hujjatlarni arxiv maskanlaridan qidirib topish kabi ortiqcha ovoragarchilikdan xalos bo‘lmoqda.

Bugungi kunga qadar turli sabablarga ko‘ra umumiy o‘rta ta’limni yakunlay olmagan, aniqroq aytganda, maktabni to‘liq bitirmagan fuqarolarning eksternat tartibida imtihonda ishtirok etish uchun ariza topshirishi uzoq va hujjatbozlik talab etadigan jarayon hisoblangan. 

O‘tgan o‘quv yilida 11 mingdan ortiq fuqaro eksternat tartibida ariza topshirish uchun kamida 3 marotaba maktabga borishga majbur bo‘lgan.

Arizalar 2023-yilning 1-martidan 1-mayiga qadar (shu kuni ham) o‘z uyidan chiqmagan holda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn topshiriladi, natija 2 kunda fuqaroga ma’lum qilinadi. Eng muhimi, davlat xizmati bepul amalga oshiriladi.

Shuningdek:

- fuqaro faqat baholar tabeli va ma'lumotnomani elektron shaklda topshiradi (avval hujjatlar soni 5 ta bo‘lgan);

- arizalar 2 kunda ko‘rib chiqilib, natijasi fuqaroga onlayn yuboriladi.

Yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarga davlat namunasidagi shahodatnoma beriladi.

Eslatib o‘tamiz: ushbu davlat xizmati joriy yilning 1-martidan ishga tushiriladi va 1-mayga qadar davom etadi.

Joriy o‘quv yilida eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkaziladigan maktablar ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Ma’lumot uchun: hozirda maktab ta’limiga oid quyidagi davlat xizmatlari mavjud:

- dublikat shahodatnoma olish;

- chet elda umumiy o‘rta ta’lim ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish (nostrifikatsiya) uchun ariza berish;

- chet el va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning farzandlarini maktabga joylashtirish uchun ariza berish.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu