Sayt test rejimida ishlamoqda

“Prezident sovg‘asi”ning dastlabki karvoni hududlarga jo‘natildi

19-dekabr 2022-yil
image

Bugun poytaxtimizdagi “CRAFERS” qandolatchilik fabrikasida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun mo‘ljallangan “Prezident sovg‘asi”ni qadoqlash, bezash va hududlarga jo‘natish jarayonlariga doir tadbir bo‘lib o‘tdi.

3 dan 15 yoshgacha bo‘lgan 10 ming nafar bolaga mo‘ljallangan “Prezident sovg‘alari” tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, 14 turdagi shirinliklar, 3 turdagi o‘quv qurollari, elektron kitob, termos va shaxmat jihozlari kiritilgan.

Shuningdek, joriy yilda mazkur sovg‘alar tarkibiga Mehribonlik uylari, Oilaviy bolalar uylari, SOS bolalar mahallalari hamda “Mehrli maktab”ning 12 yoshdan katta bo‘lgan 1095 nafar tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy elektron kitoblar ham kiritildi.

Tadbirda ishtirok etgan jurnalistlar sovg‘alarning sifati, shakli va turi, ularni qadoqlash, shirinliklarni tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.

Qayd etilganidek, “Prezident sovg‘asi” mamlakatimizning 10 ta hududi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlariga "O‘zbekiston havo yo‘llari" orqali, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlariga hududiy Davlat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari kuzatuvi ostidagi avtotransport vositalarida yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bugun mazkur “Prezident sovg‘asi”ning dastlabki karvoni Toshkent shahridan jo‘nab ketdi.

“Prezident sovg‘asi” joriy yilning 29-30-dekabr kunlari Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga hududiy hokimliklar tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu