Sayt test rejimida ishlamoqda

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar yaratgan mahsulotlar “Bolalar mehri bilan yaratilgan” ko‘rgazma qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi

1-dekabr 2022-yil
image

Poytaxtimizdagi 52-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari yaratgan mahsulotlar ana shunday nomlanadi.

Imkoniyati cheklangan insonlarga g‘amxo‘rlik qilish va ularga mehr-oqibat ko‘rsatish xalqimizga xos bo‘lgan ezgu odatlardan biri. Shunga hamohang ravishda davlatimiz tomonidan bugungi kunda alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarning har tomonlama munosib tahsil olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan 52-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda hozirda mazkur g‘amxo‘rlikni yurakdan his qilib yashayotgan 198 nafar o‘quvchi tahsil olib kelmoqda.

“3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan ushbu ta’lim dargohida bugun o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari bu yerdagi bolajonlarning chinakam ma’nodagi bayramiga aylanib ketdi.

Tadbir avvalida maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan turli ko‘rinishdagi mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda qo‘l mehnati yordamida yaratilgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, tikuvchilik va kashtado‘zlik mahsulotlari, bolalar va kattalar uchun turli ko‘rinishdagi kiyim bezaklari namoyishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

“Bolalar mehri bilan yaratilgan” yorlig‘i tushirilgan mazkur mahsulotlarda chinakam ma’noda bolajonlarning katta mehnati va mehri aks etib turibdi.

— Maktabimizda 23 ta sinfxona mavjud bo‘lib, ularning 2 tasi ijtimoiy-maishiy va tikuvchilik yo‘nalishlariga moslashtirilgan. U yerda qizlarimiz turli ko‘rinishdagi kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or uchun zarur buyumlar hamda pishiriqlar tayyorlashadi”, — deydi maktab direktori Muqaddas Nurmuhammedova. — Shuningdek, maktabimizdagi 2 ta duradgorlik va 2 ta chilangarlik xonalarida o‘g‘il bolalar xo‘jalik ishlari va dehqonchilik uchun zarur ish qurollarini ustozlari yordamida yaratishadi.

Bayram dasturi davomida Xalq ta’limi vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari hamda ota-onalar so‘zga chiqishib, o‘quvchilarga o‘z tilaklarini bildirib o‘tdi. Shuningdek, homiylar tomonidan bolajonlar uchun qishgi kiyimlar, nogironlik aravachalari hamda turli esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Tadbir so‘nggida maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiq va sahnalashtirilgan teatr dasturlar namoyishi bo‘lib o‘tdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu