Sayt test rejimida ishlamoqda

Maktab o‘quvchilarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar bеlgilab olindi

28-noyabr 2022-yil
image

Kuni kecha Xalq ta’limi vazirligida umumta’lim muassasalarida harbiy vatanparvarlik yo‘nalishida olib borilayotgan vazifalar ijrosi, “Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi” klublari faoliyati natijalari hamda bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vaxobjon Rajapov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyogarlik yo‘nalishi hamda yo‘l harakati xavfsizligiga mas’ul xodimlar ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-apreldagi 212-son qarorida umumta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida yo‘l harakati qoidalarini faol targ‘ib qilishga qaratilgan “Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi” klubini tashkil etish belgilangan. Maktablardagi ko‘ngilli yoshlar ishtirokida tuziladigan mazkur turdagi klublar o‘quvchilarning yo‘l harakati xavfsizligiga doir bilimlarini boyitishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga ushbu tashabbus doirasida maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Yashil chiroq” musobaqasi tashkil etilib, bunda piyodalarning maktab atrofidagi ichki hamda serqatnov yo‘llardagi harakatlanish tartibi va mavjud qoidalarga amal qilishga doir bilimlari sinovdan o‘tkaziladi.

Vazir o‘rinbosari Vaxobjon Rajapov yig‘ilishda belgilangan mazkur vazifalar ijrosi bo‘yicha joylarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, o‘quvchilarning harakat xavfsizligini ta’minlashga bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari orqali tashkil etiladigan targ‘ibot tadbirlari faoliyati jiddiy tahlil etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-iyuldagi PQ-316-son qaroriga asosan, maktablarda “Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sinfxonalari”ni tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi.

Aytilganidek, hozirda mavjud umumta’lim maktablarida Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani bo‘yicha jami 169 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lib, Farg‘ona, Xorazm, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahar maktablaridagi ko‘rsatkich darajasi yuqoriligicha qolmoqda.

Yig‘ilish so‘nggida mazkur bo‘sh ish o‘rinlarini munosib kadrlar bilan to‘ldirish hamda o‘quvchilarning yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha kelgusi rejalar belgilab olindi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu