Sayt test rejimida ishlamoqda

Namanganda “5 tashabbus” festival-tanlovi g‘oliblariga 381 mln. so‘mlik mukofotlar topshirildi

24-noyabr 2022-yil
image

Kelajak avlodning barkamollik sari shahdu shijoat bilan intilishi, yoshlar orasidan yangi iqtidorlarni kashf etish, ularning qobiliyatini qo‘llab-quvvatlagan holda isteʼdodini yuzaga chiqarishda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan besh muhim tashabbusning ahamiyati beqiyos.

Besh tashabbus o‘quvchi-yoshlarni maʼnaviy yetuklik, jismonan barkamollik, intellektual salohiyatli bo‘lishga undab, yuksak marralar sari chorlamoqda.

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar natijasida bu boradagi tashabbuslar barcha hududlarda keng qanot yozmoqda. Joriy yilda “5 tashabbus” shiori ostida Namanganda tashkil etilgan tanlovlar, festivallar, bahs va munozaralar, musiqa, sport va sanʼat, kompyuter va internetdan samarali foydalanish, kasb-hunarga yo‘naltirish, kitobxonlik ravnaqiga qaratilgan bellashuvlar, musobaqalarda viloyatdagi 710 ta umumtaʼlim muassasalarining 500 000 nafardan ziyod iqtidorli o‘quvchilari faol ishtirok etdilar. Ilmu iqtidor, intellekt va qobiliyat, tafakkur sinovlari tarzida qizg‘in o‘tgan bahslar natijasiga ko‘ra munosiblar ichidan eng munosiblar g‘olib deb topildi.

Viloyatda yil davomida tashkil etilgan “5 tashabbus” festival - tanlovlarda jami 15 ta umumtaʼlim maktabining 110 nafar o‘quvchi, o‘qituvchi va taʼlim muassasasi rahbarlari g‘olib  deb topilib, ularning taqdirlash marosimi katta tantanaga aylanib ketdi.

Namangan viloyat madaniyat markazida tashkil etilgan tantanali taqdirlash marosimida 1-tashabbus bo‘yicha g‘olib jamoaga ovoz kuchaytirgich, kolonka, mikrofon, noutbuk, 2-tashabbus bo‘yicha g‘oliblarga to‘p, badminton raketkasi, badminton setasi, gimnastika matlari, badminton stoykasi, shuningdek, 3-tashabbus bo‘yicha g‘oliblarga monoblok, 4-tashabbus bo‘yicha kitob va kompyuter jamlanmalari, 5-tashabbus doirasida esa a tikuv mashinalari topshirildi.

Bundan tashqari, 5 nafar fan to‘garagi rahbarlari monoblok, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandilar.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan Xalq taʼlimi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajapov barcha ishtirokchilarni munosib eʼtirof va muvaffaqiyat bilan tabriklab, ularga jami 381 million so‘mlik mukofotlarni topshirish asnosida tashabbuslar bilan yana-da yuksak va zafarli marralarni egallashga ruhlantirdi.

Tantana doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmalar, o‘quvchilarning ijodiy ishlari, sanʼat asarlari, qo‘l mehnati namunalari, axborot texnologiyalari ish samaradorligi bilan bog‘liq vositalar ularning iqtidor va qobiliyat bilan yurt ertasiga munosib ulg‘ayish yo‘lidagi intilishlarini yaqqol namoyon etdi.

Isteʼdodli o‘quvchilar ijrosidagi tantanali chiqishlar, kuy-qo‘shiq va raqslar tadbirga yana-da jo‘shqinlik bag‘ishladi.

 

Namangan viloyat xalq taʼlimi
oshqarmasi Axborot xizmati

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu