Sayt test rejimida ishlamoqda

Ota-onalarning e’tiborsizligi sababli maktab darslarini sababsiz qoldirib kelgan 2 072 nafar o‘quvchi aniqlandi

21-noyabr 2022-yil
image

O‘quvchilarning maktab darslarida muntazam qatnashishlarini ta’minlash hamda yoshlar o‘rtasida turli nojo‘ya va ular tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi odatlarning tarqalishini oldini olish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Joriy yilning 17-18-noyabr kunlari Xalq ta’limi, Ichki ishlar, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur turdagi profilaktik tadbirlar davomida darslarni sababsiz qoldirib kelgan 2 072 nafar o‘quvchi aniqlandi.

Nazorat tadbirlarida aniqlangan mazkur o‘quvchilarning ota-onalari tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar yig‘ilishlariga jalb etilib, ular ishtirokida muhokama qilindi.

Shuningdek, ota-onalar nazorati va qarovisiz qolgan o‘quvchilar ta’lim olishlari uchun maxsus maktab-internatlariga joylashtirildi.

 

Hurmatli ota-onalar!

 

O‘z farzandlaringiz oldidagi mavjud majburiyatlaringizni to‘la anglagan holda, bolangizning maktab darslarida to‘liq va doimiy ishtirok etayotganligini qat’iy nazorat qilishingiz, bunda maktab ma’muriyati va sinf rahbarlari bilan muntazam aloqa o‘rnatishingiz maqsadga muvofiqdir.

Shuningdek, maktab yoshidagi farzandlaringizning uydan chiqayotganida uning portfeli yoki yonida dars mashg‘ulotlariga tegishli bo‘lmagan, turli keraksiz hamda o‘quvchi hayoti uchun xavf tug‘diradigan buyumlarning mavjud emasligini ko‘zdan kechirishingiz, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini tashkil etishda mas’uliyat bilan yondashishingizni so‘raymiz. Zero, farzandlarimizning namunali tarbiya topib kamolga yetishlarida oila va mahallalardagi ijobiy muhit, ota-onalarning o‘z bolalariga doimiy e’tibori va nazorati, qonuniy burch va majburiyatlari katta ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz "O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi Kodeksning (https://lex.uz/acts/97664) 47-moddasida ko‘ra, ota-onalar tomonidan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu