Sayt test rejimida ishlamoqda

Хalq ta’limi vaziri Samarqandda bo‘lib o‘tgan amaliy-sеminarda inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi

8-noyabr 2022-yil
image

Bugun, 8-noyabr kuni Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov Pastdarg‘om tumanidagi 75-maktabda bo‘lib, “Inklyuziv ta’lim tajribasini rivojlantirish” mavzusida o‘quv-amaliy seminarida o‘z tavsiyalari bilan ishtirok etdi.

Vazir inklyuziv ta’limni tashkil etish bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashar ekan, seminar ishtirokchilari bilan muloqot chog‘ida inklyuziv ta’limni tashkil etish va rivojlantirishda maktab jamoalari oldida turgan vazifalar va muammolar haqida gapirdi.

Xususan, alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarning tizimdagi maktablarda tahsil olishda jamoatchilik fikrini o‘zgartirish lozimligi, bu borada maktab jamoasi - o‘qituvchilar mahalla bilan hamkorlikda muntazam ravishda ota-onalar bilan muloqotlar olib borishi kerakligini ta’kidladi.

Seminar davomida “Inklyuziv ta’limda zamonaviy pedagogik texnologiya va metodlarni qo‘llash” mavzusida ma’ruzalar o‘qib eshittirildi. Shuningdek, ishtirokchilarga inklyuziv ta’limga oid me’yoriy huquqiy hujjatlarning mazmun mohiyati haqida tushunchalar berildi.

Ayni vaqtda Samarqand viloyatida 16 ta umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim tizimidagi boshlang‘ich sinflari tashkil etish rejalashtirilgan. Viloyatdagi 5 ta umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim tizimidagi boshlang‘ich sinflari tashkil etilgan. Ularda 12 nafar ta’limga alohida ehtiyoji bor bolalar tahsil olmoqda.

Shundan so‘ng Baxtiyor Saidov shu tumanda faoliyat yuritadigan 56-maktab faoliyati bilan tanishib, muassasaning moddiy-texnika bazasi bilan tanishdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu