Sayt test rejimida ishlamoqda

Germaniya tashqi ishlar vaziri poytaxtimizdagi nemis tiliga ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati bilan tanishdi

1-noyabr 2022-yil
image

O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turgan Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bugun Toshkent shahridagi nemis tiliga ixtisoslashtirilgan 60-maktab faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Delegatsiya aʼzolariga O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov va Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov hamrohlik qildi.

Maktab faoliyati bilan tanishish davomida o‘quv muassasasida olib borilayotgan taʼlim metodlari hamda o‘quvchilarning individual imkoniyatlarini yuzaga chiqarish borasida yo‘lga qo‘yilgan o‘ziga xos taʼlim usullari haqida maʼlumot berib o‘tildi.

Tashrif doirasida Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok maktab o‘quvchilari bilan nemis tilini o‘rganish va uning o‘ziga xos jihatlari, yoshlarning bugungi hayotiy maqsadlari va kelajak orzulari xususida suhbatlashdi.

Aytish lozimki, ayni vaqtda O‘zbekistonning 974 ta maktabida jami 236 114 nafar o‘quvchi nemis tilini o‘rganadi, 3 mingdan ortiq o‘qituvchi ushbu tildan dars beradi.

Tadbir davomida Germaniyaning moliyaviy ko‘magi yordamida amalga oshirilgan “Quyoshli maktab” loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Maktab majlislar zalida o‘tkazilgan taqdimot davomida bu kabi energiya tejovchi va atrof-muhitga salbiy taʼsir ko‘rsatmaydigan “Quyoshli maktab” loyihasi Germaniyaning moliyaviy ko‘magida Rossiyaning 7 ta, Qozog‘istonning 2 ta hamda O‘zbekistonning 1 ta maktabida amaliyotga joriy etilgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok maktab faoliyati bilan tanishish asnosida o‘quvchilarning nemis tilini bilish darajasini yuksak baholab, eʼtirof etdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu