Sayt test rejimida ishlamoqda

Gurlan tumanidagi taʼlim darajasi past maktab faoliyati tahlil qilindi

28-oktabr 2022-yil
image

Vazir Baxtiyor Saidov tomonidan Xorazm viloyatidagi umumtaʼlim muassasalari faoliyatini o‘rganish davomida hududdagi taʼlim sifati past ko‘rsatkichga ega maktablarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, viloyatning Gurlan tumanidagi 15-umumtaʼlim maktabi pedagoglarining o‘quv va ilmiy salohiyati, o‘quv-tarbiya jarayonlari tahlil qilindi, aniqlangan masalalarning sabablari o‘rganildi.

Taʼkidlash joizki, ayni vaqtda maktabda 570 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, yakunlangan o‘quv yilida 35 nafar bitiruvchilarning bilim samaradorligi (o‘rtacha ball) ko‘rsatkichi nisbatan past baholangan.

Vazir maktabning 11-sinf o‘quvchilari bilan suhbatda mazkur jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tar ekan, o‘quvchilarning bugungi qiziqishlari, tanlagan kasb yo‘nalishlari, aniq va tabiiy fanlarni o‘zlashtirish darajasi bilan tanishdi.

Bitiruvchilarga birinchi navbatda maktabda taʼlim olishlari zarurligi, barcha fanlarni o‘zlashtirish, kengroq fikrlagan holda to‘g‘ri kasb tanlash zarurligi haqida hayotiy misollar bilan tushuntirish berildi.

Vazir o‘quvchilar bilan suhbatda Gurlan tumanining keyingi besh yillik iqtisodiy rivojlanishida muhandis, texnolog, iqtisodchi kabi noyob mutaxassislar zarurligi, buning uchun bugungi bitiruvchilar yaxshi bilim olib shu kasblarni egallashlari zarurligini taʼkidlab o‘tdi.

Maktab rahbariyati va pedagoglari bilan muloqotda o‘quvchilarga sifatli taʼlim berish soha oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanligi qayd etilib, buning uchun tuman hokimligi bilan birgalikda maktabda o‘quvchilar uchun barcha sharoitlarni yaratish borasidagi rejalar kelishib olindi. Shu bilan birga, bu vazifalar Davlatimiz rahbarining soha masʼullari hamda mahalliy hokimliklar oldiga qo‘ygan tegishli topshiriqlar ijrosiga mos ekanligi aytib o‘tildi.

Vazir boshchiligida Xorazm viloyatidagi maktablar farliyatini o‘rganish jarayonlari davom etmoqda. Ayni vaqtda Xalq taʼlimi vazirining xorazmlik maktab direktorlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu