Sayt test rejimida ishlamoqda

Xalq taʼlimi vaziri Yangibozor tumanidagi uchta maktabda bo‘ldi

28-oktabr 2022-yil
image

Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov rahbarligidagi Ishchi guruhning joylardagi umumtaʼlim maktablari faoliyatini o‘rganish ishlari bugun Xorazm viloyatida olib borilmoqda.

Dastlabki manzil sifatida viloyatning Yangibozor tumanidagi 4-umumtaʼlim maktabidagi taʼlim-tarbiya jarayonlari hamda bu yerda o‘quvchilarga yaratib berilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Aytish joizki, 2021 yilda mukammal taʼmirdan chiqarilgan maktabda o‘quvchilarning zamonaviy bilim egallashlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Shu boisdan o‘quv muassasasi pedagoglari yaratib berilgan mazkur imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda, o‘quvchilarga sifatli taʼlim berish, ularni vatanparvar va maʼnaviy yetuk shaxs sifatida kamolga yetkazishni asosiy maqsad etib belgilashgan.

Vazir maktabning 11-sinf o‘quvchilari ishtirokidagi dars jarayonlarida qatnashib, mazkur vazifalar qanday amalga oshirilayotganligi bilan qiziqdi. O‘quvchilarning kelajak maqsadlari bilan bir-bir tanishar ekan, “Sizlar mamlakatimizning ertangi kuchisiz, shu sababdan sizlarning bugun o‘z oldingizga qanday maqsad qo‘yishingiz, tanlagan kasbingiz nafaqat o‘zingiz, balki yaqinlaringiz, xalqimiz uchun ham juda muhimdir”, — deya ularni yana-da tirishqoqlik bilan bilim olishga undadi.

Tumanning chekka hududida joylashgan 21-umumtaʼlim maktabida olib borilgan o‘rganishlar davomida bu yerda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, xususan, isitish uchun o‘rnatilgan elektr energiyasi uskunalari ko‘zdan kechirildi.

Vazir o‘rganish jarayonlarida ishtirok etayotgan Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Qurbonovga elektr energiya sarfini kamaytirish uchun maktab hududida tejamkor quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.

Maktabning 10-11-sinf o‘quvchilari bilan suhbat davomida ularning matematika, kimyo, biologiya, fizika fanlaridan olgan bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Maktab o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchilarni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yana-da oshirish maqsadida o‘ziga xos tajriba sifatida bolalarning yoshiga mos ravishda “Adabiyotlar ro‘yxati” eʼlon qilinib, targ‘ibot ishlari olib borilayotganligi maʼlum qilindi.

Tumanning mazkur maktablarida o‘qiyotgan hamda o‘zaro savol-javoblarda faol ishtirok etgan ikki nafar o‘quvchiga noutbuk, 21-umumtaʼlim maktabi jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisiga sportda erishgan muvaffaqiyatlari uchun noutbuk taqdim etildi. Shuningdek, mazkur maktab o‘quvchilari uchun tekbol stoli berilishi maʼlum qilindi.

Tumandagi 14-umumtaʼlim maktabida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida o‘quvchilarga munosib sharoit yaratish maqsadida 2023 yilgi Investitsiya dasturi doirasida ushbu o‘quv maskanida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilandi.

Maktabdagi pedagoglar bilan muloqotda sohadagi mavjud muammolarni hal etish, tizimni takomillashtirib borish, o‘quvchilarni o‘qitish sifati hamda pedagoglarni kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha zarur takliflar o‘rtaga tashlandi.

Vazir hamda Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Qurbonov “Yashil makon” aksiyasi doirasida hududdagi 4-sonli va 21-sonli maktablar hududida joylashgan bog‘ hududida turli daraxt ko‘chatlarini ekishdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu