Sayt test rejimida ishlamoqda

Xalq ta’limi vaziri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi qoraqalpog‘istonlik maktab direktorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

27-oktabr 2022-yil
image

Bugun Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev bilan birgalikda maktab direktorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan o‘quvchilarga munosib sharoitlarni yaratish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish, ularni ma’naviy yetuk shaxs etib tarbiyalash, to‘g‘ri kasb tanlash borasida maktab direktorlarining mas’uliyati haqida so‘z bordi.

Xususan, 2022-yil boshida Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida qo‘shimcha 23 ta maktabda ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda, umuman olganda bu yil 70 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, o‘quvchilar uchun sharoitlar yaxshilanmoqda.

O‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida aynan Qoraqalpog‘istonda birinchi bo‘lib “Mobil metodik guruhlar” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, 40 ta ta’lim darajasi past maktablar tanlab olinib, hududdagi oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatish orqali ta’lim sifatini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Muloqot chog‘ida Qoraqalpog‘istonda tizimda xali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligi, maktablarda o‘quvchilarga zamonaviy bilimlarni berishda o‘qituvchilarda metodik mahorat yetishmayotganligi, bir qator maktablarda ta’lim darajasi pastligi, 11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarida muammolar mavjudligi, ayrim maktablarning ijtimoiy-ma’naviy muhiti yaxshi emasligi qayd etildi.

Jo‘qorg‘i Kenges raisi respublika maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonlarini yaxshilash yuzasidan maktab direktorlariga bir qator vazifalarni belgilab berdi.

Uchrashuv so‘nggida ta’lim sifati ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan 10 nafar maktab direktori “Vatan fidoiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi hamda har bir tumandan bittadan bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirishda eng yuqori natija ko‘rsatgan maktab direktori Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan 10 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.

Muloqotda maktab direktorlarining xalq ta’limini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu