Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘zbekistonda o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslar tashkil etiladi

24-oktabr 2022-yil
image

Ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning savodxonligini oshirish, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga ko‘rsatiladigan taʼlim xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida “O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori imzolandi.

O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib o‘zbek imo-ishora tilini yana-da rivojlantirish va uning huquqiy maqomini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, undan muloqot vositasi sifatida foydalanishni rag‘batlantirib borish, taʼlim dasturlariga qo‘yiladigan davlat talablarini takomillashtirish, ushbu tilni o‘rganishda zamonaviy axborot texnologiyalar, innovatsion vositalar va usullarni keng qo‘llash etib belgilandi.

Bundan tashqari Qaror bilan ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarga televizion dasturlar, filmlar, teatr va boshqa madaniy tadbirlarning ular uchun qulay formatlarda bo‘lishini, shu jumladan surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishini taʼminlash vazifasi yuklatildi.

Qarorga ko‘ra, 2023 yilning 1 yanvaridan boshlab, talablardan kelib chiqqan holda, umumiy o‘rta taʼlim muassasalari hamda “Ishga marhamat” monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Maxsus o‘quv kurslarida ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar hamda ushbu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar – bepul, qolgan shaxslar – pullik asosda o‘qitiladi.

Maxsus o‘quv kurslarida o‘qish istagini bildirgan shaxslar Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining maxsus axborot platformasida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi, o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlab, yakuniy nazorat imtihonlarini topshirgan taʼlim oluvchilarga tegishli darajadagi davlat namunasidagi sertifikat beriladi.

Shuningdek 2023 yilning 1 yanvaridan boshlab, davlat telekanallarida haftalik efir vaqtining kamida besh foiz hajmidagi ko‘rsatuvlar surdotarjima, yashirin subtitrlar yoki “yuguruvchi satrlar” bilan namoyish etiladi.

Davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga o‘qishga qabul qilishda ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar tomonidan xorijiy tilni bilish bo‘yicha milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatni taqdim etish talab etilmaydi. Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashayotgan eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan abituriyentlar majburiy tartibda surdotarjimon xizmatlari bilan taʼminlanadi.

Shuningdek 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining o‘qituvchi lavozimiga faqat dars o‘tiladigan imo-ishora tilini biladigan pedagog kadrlar ishga qabul qilinadi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu