Sayt test rejimida ishlamoqda

Qashqadaryo viloyatidagi ta’lim muassasalarida kompleks audit tadbirlari o‘tkazildi

17-oktabr 2022-yil
image

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan budjet mablag‘larining qonuniy sarflanishi ustidan nazorat olib borish hamda tizimdagi korrupsiyaga qarshi kurashish borasida doimiy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, vazirlikning Ichki audit boshqarmasi tomonidan Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi muassasalarida kompleks audit tadbirlari o‘tkazildi.

Nazorat tadbirlari natijalariga ko‘ra, viloyatdagi ta’lim muassasalarining mas’ul xodimlari tomonidan 16,1 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonun buzilishi (shundan, 1,6 mlrd. so‘mlik o‘zlashtirish) holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Xususan, ta’lim muassasalarida aslida ishlamaydigan xodimlarga ish haqi hisoblab yozish va xodimlarining oylik maoshlariga qo‘shib yozish hisobiga 1,4 mlrd. so‘m, jumladn, Chiroqchi tumanida 836,5 mln. so‘m, Dehqonobod tumanida 243,8 mln. so‘m, Koson tumanida 233,2 mln. so‘m, Mirishkor tumanida 111,1 mln. so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilganligi, o‘tilmagan dars soatlari uchun 3,6 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari ortiqcha sarflanganligi aniqlandi.

Shuningdek, Qarshi shahar 33-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab xodimlariga 2,2 mlrd. so‘mlik ustama ish haqi noto‘g‘ri to‘langan.

Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari, zararlarni qoplash va boshqa asossiz to‘lovlarga xodimlarni ish haqidan ushlab qolinmasdan 1,4 mlrd.so‘m noqonuniy xarajatlar amalga oshirilgan.

Shartnoma shartlariga rioya qilmagan holda, texnik talablarga javob bermaydigan orgtexnikalar sotib olinishi natijasida 568,4 mln. so‘m miqdorida budjet mablag‘lari samarasiz sarflangan.

Mazkur aniqlangan holatlar bo‘yicha 16,1 mlrd. so‘mlik o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish uchun huquq-tartibot organlariga taqdim etildi.

Shu bilan birga, nazorat tadbirlari davomida 256 ta ta’lim muassasalarida 285,3 mlrd. so‘mlik bino-inshoot va tovar-moddiy boyliklarini buxgalteriya balansiga kirimga olinishi ta’minlandi.

Vazirlik rahbariyati hamda Ichki audit boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan kompleks audit natijalari va sohaga oid boshqa kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi. O‘z xizmat vazifalarini bajarishda mas’uliyatsizlik bilan yondoshgan va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilishi belgilandi hamda qat’iy ogohlantirishlar berildi.

Yuzaga kelgan holatlarni bartaraf etish, kelgusida yo‘l qo‘ymaslik va profilaktika ishlarini doimiy tarzda olib borish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar taqdim etildi.

 

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda vazirlik tomonidan tizimda mehnat qilayotgan hisobchilarning moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida barcha moliyaviy jarayonlar yuzasidan o‘quv rejasi va dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dastur asosida tizimdagi moliya-iqtisod yo‘nalishidagi xodimlarni bosqichma-bosqich malakasini oshirish ishlari amalga oshiriladi.

Xalq ta’limi vazirligining Ichki audit boshqarmasi tomonidan tizimdagi moliyaviy qonun buzilish holatlarining oldini olish maqsadida olib borilayotgan mazkur o‘rganishlar ko‘lamini kengaytirish, natijadorligini oshirish hamda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida vazirlikning tegishli bo‘linmalari ishtirokida boshqa hududlarda ham kompleks audit tadbirlarini amalga oshirish ishlari davom ettiriladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu