Sayt test rejimida ishlamoqda

“ITALIYADA TAʼLIM OLIB KELGANDAN SOʻNG OʻZBEKISTONDA INGLIZ TILI MAKTABINI OCHAMAN”

18-oktabr 2021-yil
image

6 nafar oʻzbekistonlik oʻqituvchi jahonning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalarida magistraturada tahsil olish uchun “El yurt umidi” jamgʻarmasining grantini qoʻlga kiritgani haqida avvalroq xabar bergandik.

Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 68-maktabning ingliz tili oʻqituvchisi Nazira Ahmedova ana shu oʻqituvchilarning biri. 25 yoshni qarshi olgan Nazira Italiyaning eng nufuzli Sapienza University of Rome universitetida davlat granti asosida magistraturada tahsil oladi.

Italiyaning Sapienza universiteti haqida surishtirish jarayonida Nazira Ahmedova bu oliygoh chet elning eng nufuzli TOP-200 ta universiteti qatorida ekanligidan xabar topgan.

“Hozirda internet rivojlanib ketganligi bois tanlovga hujjat topshirishim qiyin boʻlmadi. Barcha hujjatlarni onlayn tarzda topshirdim va maqsadlarim toʻgʻrisida insho yozdim. Shundan soʻng tanlovning ikkinchi bosqichi, yaʼni suhbatga taklif qilindim. Suhbat jarayonida menda juda kuchli hayajon boʻldi, chunki u yerda oʻtirgan “El yurt umidi” jamgʻarmasi aʼzolari oʻz sohasining yetuk mutaxassislari edi. Shunga qaramay barcha savollarga toʻliq javob berishga harakat qildim. Jamgʻarma aʼzolarining xushmuomalaligi oʻzimga boʻlgan ishonchni yanada orttirdi. Bir necha kundan soʻng natijalar eʼlon qilindi va gʻoliblar orasida mening ham ismim bor edi. Bu men uchun kutilmagan baxt va orzularim roʻyobi edi.

Bugungi kunda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi koʻplab yurtdoshlarimizga chet elda bilim olish va oʻz orzularini roʻyobga chiqarishda katta koʻmak bermoqda. Jamgʻarma tomonidan taqdirlanish men uchun ham kutilmagan sovgʻa boʻldi. Bu xabar nafaqat men, balki butun oilamiz uchun katta quvonch olib keldi. Hozirda yurtimiz yoshlariga bunday katta imkoniyatlar berilayotgani tahsinga sazovor. Bu kabi imkoniyatlar Vatanimizning yanada gullab-yashnashiga albatta oʻz hissasini qoʻshadi. Mazkur tanlovga mamlakatimizning yuzlab yoshlari hujjat topshirgani bois gʻoliblar qatorida boʻlish menga ulkan kuch va shijoat berdi.”

Tirishqoq muallima yetuk mutaxassis boʻlish uchun shu sohada oʻqishning oʻzi kamlik qiladi, deya hisoblaydi. Bunga qoʻshimcha tarzda innovatsion texnologiyalardan foydalanish, bir nechta chet tillarida ravon gaplasha olish, jahonda boʻlayotgan har qanday yangiliklardan boxabar boʻlishni juda muhim, deb biladi. Bu sohada u Italiya universitetida oʻzi uchun katta tajriba olib qaytmoqchi.

Endilikda yosh pedagog taʼlimni Italiyada ingliz tili yoʻnalishida davom ettirib, u yerda olgan bilimlarini Oʻzbekiston maktablarida oʻquvchilarning chet tilini bilish darajasini oshirishga yoʻnaltirish, ularni yetuk va salohiyatli kadr boʻlishiga hissa qoʻshish niyatida. Oliy maqsadi - yetarli tajribaga ega boʻlgandan soʻng bolalar uchun ingliz maktabi ochish.

“Italiyada tahsil olib, u yerda bolalarga taʼlim olishning barcha sir-asrorlarini oʻrganib, Oʻzbekistonga qaytib, bu yerda kasbiy faoliyatimni davom ettirishni rejalashtirganman. Bolalar uchun ingliz tilida maktab ochib, ularning chet tillariga boʻlgan qiziqishi va ishtiyoqini yanada oshirishni xohlayman. Shu bilan birgalikda Angliya va Amerika adabiyotini chuqur oʻrganib, shu soha boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlash ham rejamda bor. Kelajakda malakali va iqtidorli kadrlar yetishib chiqishida oʻz bilimim va mehnatlarimdan toʻlaqonli foydalanish va yurtimiz ravnaqiga oʻz hissamni qoʻshish niyatidaman.”

--

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu